APLda kimning oʻrni xavf ostida? Isteʼfoga eng yaqin besh murabbiy
Angliya Premyer-ligasida yangi mavsum hali qizib ulgurmagan boʻlsa-da, ayrim murabbiylar allaqachon jiddiy bosim ostida qoldi.
Natijalarning qoniqarsizligi, katta transfer xarajatlari va yuqori maqsadlar fonida bir qator klublar rahbariyati murabbiylarining kelajagini qayta koʻrib chiqishi mumkin.
Ayni paytda eng koʻp muhokama qilinayotgan nomlar — «Tottenhem» bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi, «Manchester Yunayted» ustozi Maykl Kerrik, «Fulhem» rahbari Alvaro Arbeloa va «Kristal Pelas» bosh murabbiyi Pyer Saj.
Roberto De Dzerbi — «Tottenhem»
Roberto De Dzerbi uchun Angliyadagi yangi bosqich hozircha rejadagidek kechmayapti. Italiyalik mutaxassis mart oyida «Tottenhem» boshqaruvini qabul qilgan va yozgi transferlar davrida klub tarkibni kuchaytirish uchun katta mablagʻ sarflagan.
Biroq «shporlar» mavsum startida kutilgan natijalarni koʻrsata olmadi. Jamoa dastlabki turlarda gʻalaba qozona olmagani va turnir jadvali quyi qismida qolib ketgani sabab De Dzerbining kelajagi muhokamaga chiqdi.
Ayniqsa, klubning transfer bozorida sarflagan mablagʻi bilan natijalar oʻrtasidagi farq murabbiyga boʻlgan bosimni oshirmoqda. Biroq hozircha «Tottenhem» rahbariyati De Dzerbini isteʼfoga chiqarish boʻyicha aniq qaror qabul qilgani haqida ishonchli xabar yoʻq.
Maykl Kerrik — «Manchester Yunayted»
Kerrik oʻtgan mavsumda «Manchester Yunayted»ni Chempionlar ligasiga qaytarishga muvaffaq boʻlgan edi. Shu sabab unga yangi mavsum oldidan ishonch bildirilgan.
Ammo mavsum boshidagi beqaror natijalar vaziyatni oʻzgartirdi. «Yunayted»ning «Manchester Siti»ga magʻlubiyati va «Fulhem» bilan uchrashuvdagi qiyinchiligi murabbiy atrofidagi bosimni kuchaytirdi. Jamoaning Liga kubogida «Brayton»ga qarshi 2:0 hisobidagi ustunlikni boy berib, magʻlub boʻlishi ham tanqidlarni kuchaytirgan.
Eng qizigʻi, xalqaro tanaffusdan keyin «Manchester Yunayted»ni «Tottenhem»ga qarshi muhim uchrashuv kutib turibdi. Shu bois Kerrik uchun yaqin haftalar alohida ahamiyat kasb etishi mumkin.
Alvaro Arbeloa — «Fulhem»
«Fulhem» mavsum boshida yangi murabbiyga ishonch bildirdi. Real Madrid tizimida tanilgan Alvaro Arbeloa London klubidagi faoliyatini murakkab boshladi.
Dastlabki turlarda jamoa gʻalaba qozona olmadi va bir nechta uchrashuvda magʻlub boʻldi. Arbeloa jamoaga yangi taktik gʻoyalarni singdirishga harakat qilmoqda, ammo futbolchilarning yangi uslubga moslashishi oson kechmayapti.
Shu bilan birga, «Liverpul»ga qarshi uchrashuvda qayd etilgan 0:0 hisobidagi durang «Fulhem» uchun ijobiy signal boʻldi. Endi Arbeloa uchun asosiy vazifa — jamoani quyi oʻrinlardan olib chiqish va natijalarni barqarorlashtirish.
Frenk Lempard — «Koventri»
«Koventri» Chempionshipda hujumkor futbolda chempionlikni qoʻlga kiritib, APLga katta ishonch bilan kirib kelgandi. Biroq yuqori divizionda vaziyat butunlay boshqacha tus oldi.
Jamoa toʻrt tur davomida raqiblar darvozasini ishgʻol qila olmadi. Bu uchrashuvlarning barchasi magʻlubiyat bilan yakunlandi, gollar nisbati esa 0:10ni tashkil qildi.
Albatta, «Koventri»ning taqvimi ham Lempard jamoasiga yengillik qilmadi. Mavsum boshidayoq «Arsenal» va «Manchester Siti» kabi APL favoritlariga qarshi maydonga tushishga toʻgʻri keldi. Frenk Lempardning murabbiylik faoliyatida yuqori diviziondagi muammolar birinchi marta kuzatilayotgani yoʻq.
U «Chelsi» va «Everton»da ham ishlagan, biroq APLda barqaror natija koʻrsatish unga oson kechmagan. Aksincha, Chempionshipda Lempardning ishi ancha samarali koʻrindi.
Endi «Koventri» bilan u oʻzining APLdagi imkoniyatlarini yana bir bor isbotlashi kerak.
Pyer Saj — «Kristal Pelas»
Pyer Saj ham yangi jamoasida katta bosim bilan ish boshladi. U «Kristal Pelas»ga Oliver Glasnerdan keyin keldi. Avstriyalik mutaxassis klub tarixidagi eng muhim natijalardan birini qayd etib, jamoa bilan sovrinlarni qoʻlga kiritgan edi.
Shu sabab Saj zimmasidagi vazifa oson emas. Fransiyalik mutaxassisning «Pelas»dagi dastlabki natijalari esa turlicha baholanmoqda: jamoa chempionatda barqarorlikni namoyish eta olmayotgan boʻlsa-da, Yevropa ligasidagi yirik gʻalaba murabbiyga biroz nafas rostlash imkonini berdi.