Abbos Otahonov: «Tailand qirol kubogini yutishni istaymiz»
Tajribali himoyachi Abbosjon Otahonov so‘nggi bir mavsumni Tailandning «Muangthong United» klubida o‘tkazdi. Ushbu klub bilan OCHL-2 turnirida ham ishtirok etdi. Jamoa mavsumni 6-o‘rinda yakunladi. Endilikda mamlakat qirol kubogi finalida ishtirok etishi kutilmoqda. Sports24.uz sayti Otahonov bilan suhbatlashdi.

Yakunlangan mavsum haqida
- Tailandda mavsum nihoyasiga yetdi. Biz uchun yomon o‘tmadi. Chempionatni 6-o‘rinda yakunladik. Tailand Qirol kubogida finalga chiqdik. Endi esa 24 may kuni final bahsida maydonga tushamiz. Maqsadimiz – ushbu turnirda g‘olib chiqib, mavsumni sovrin bilan yakunlash.
Kelajagi haqida
- «Muangthong United» bilan shartnomam muddati nihoyasiga yetmoqda. Ammo rahbariyat men bilan kelishuv muddatini uzaytirishni istamoqda. Shu sababli ayni paytda jamoa bilan shartnomani uzaytirish yuzasidan muzokaralar boshlangan. Qolaversa, boshqa mamlakatlardan ham takliflar yo‘q emas.
Tailand chempionati saviyasi haqida
- Chempionat saviyasi yaxshi. Men jamoa bilan ichki chempionatda o‘ynab, ko‘rdim. Umuman olganda, chempionatda har bir o‘yin qiziqarli va murosasiz o‘tadi. Oldindan kim g‘alaba qozonishini bilmaysiz. Chunki har bir jamoada yaxshi saviyadagi legionerlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu esa o‘yinlar yanada yuqori darajada o‘tishini ta’minlaydi. Qisqasi, liganing saviyasi ko‘pchilik o‘ylaganidan ham ancha yuqori. Qolaversa, muxlislik madaniyati ham yuqori darajada ekanligiga guvoh bo‘ldim.

Qiyinchiliklar haqida
- Albatta, o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Birinchi navbatda taom masalasida biroz qiynaldim. Qolaversa, ob-havo ham ancha muammo tug‘dirdi. Chunki bu yerda namlik juda yuqori. Bu yerga kelganimda boshida biroz moslashib olgunimcha qiyinchiliklar kuzatildi. 2-3 oy o‘tganidan so‘ng hammasi joyiga tushib, ko‘nikib qoldim.

O‘zbekiston Superligasiga qaytishi haqida
- To‘g‘risi, Superliga jamoalaridan hozircha taklif bo‘lgani yo‘q. Lekin hali bizda chempionat birinchi davrasi nihoyasiga yetgani yo‘q. Balki endi Superliga jamoalaridan takliflar bo‘lishi mumkin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Qayerda o‘ynash peshonamizga yozilgan bo‘lsa, o‘sha yerda to‘p surishda davom etamiz.