2026 yil yozida amalga oshmay qolgan eng qimmat transferlar
2026 yilgi yozgi transfer oynasi Yevropa futboli tarixidagi eng serxarajat davrlardan biri bo‘ldi. Biroq katta mablag‘lar aylanmasi fonida bir qator yirik transferlar ham so‘nggi pallada barbod bo‘ldi. Ayrim kelishuvlarda klublar o‘zaro narx bo‘yicha kelishib bo‘lgan, ba’zi futbolchilar tibbiy ko‘rikdan ham o‘tgan, ammo hujjatlarni rasmiylashtirish yoki tomonlarning yakuniy qarori sabab bitimlar amalga oshmagan.
Quyida 2026 yil yozida amalga oshmay qolgan eng qimmat va e’tiborga molik transferlar haqida.
1. Xulian Alvarez — «Real» va «Barselona»ga o‘tmadi
Mo‘ljallangan klublar: «Real» Madrid / «Barselona»
Amaldagi klubi: «Atletiko»
Taklif: 150 mln yevrogacha
Yozgi transfer oynasidagi eng katta amalga oshmagan bitimlardan biri Xulian Alvarez bilan bog‘liq bo‘ldi. «Real» Madrid argentinalik hujumchi uchun «Atletiko»ga 150 million yevrolik taklif bilan chiqqan, ammo madridliklar bu taklifni rad etgan. Shu bilan birga, «Barselona» ham Alvarezni tarkibiga qo‘shishga jiddiy qiziqqan. Biroq «Atletiko» futbolchini sotish niyatida emasligini bir necha bor bildirgan. Klub hatto Alvarezning shartnomasidagi 500 million yevrolik tovon puliga ishora qilgan. Natijada 26 yoshli futbolchi «Atletiko»da qoldi.
2. Lamin Kamara — «Chelsi»ga o‘tishi so‘nggi pallada bekor bo‘ldi
Mo‘ljallangan klub: «Chelsi»
Amaldagi klubi: «Monako»
Transfer qiymati: 47 mln yevro atrofida
Lamin Kamaraning «Chelsi»ga transferi ham yozning eng shov-shuvli amalga oshmagan bitimlaridan biri bo‘ldi. «Chelsi» senegallik yarim himoyachi uchun 47 million funt to‘lashga kelishgan va futbolchi Londonda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak edi. U hatto olti yillik shartnoma imzolashi kutilgan. Biroq transfer oynasi yopilishiga oz vaqt qolganida «Monako» kelishuvdan voz kechdi. Fransiya klubi o‘z qarorini «Chelsi»ga yozma ravishda bildirgan. Bu voqea «Chelsi» uchun ayniqsa muhim edi, chunki londonliklar Enso Fernandesni «Manchester Siti»ga 125 million funtga sotganidan keyin uning o‘rniga Kamarani olib kelishni rejalashtirgan edi.
3. Ederson — «Manchester Yunayted»ga o‘tishidan bir qadam qolganda
Mo‘ljallangan klub: «Manchester Yunayted»
Amaldagi klubi: «Atalanta»
Kelishilgan summa: 45 mln yevro atrofida
Edersonning «Atalanta»dan «Manchester Yunayted»ga transferi deyarli hal bo‘lgan edi. Klublar 45 million yevro atrofida kelishuvga erishgan.
Braziliyalik futbolchi hatto tibbiy ko‘rikning birinchi qismidan o‘tgan. Keyin jahon chempionatida ishtirok etish uchun terma jamoa ixtiyoriga jo‘nagan va musobaqadan keyin qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan. Biroq 10 iyul kuni «Manchester Yunayted» «Atalanta»ga bitimni rasmiylashtirishni davom ettirmasligini ma’lum qildi.
Shu tariqa, transfer bekor bo‘ldi va Ederson Bergamoda qoldi. Keyinchalik u «Atalanta» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi.
4. Folarin Balogun — «Everton»ga o‘tishdan bosh tortdi
Mo‘ljallangan klub: «Everton»
Amaldagi klubi: «Monako»
Taxminiy summa: 40 mln funt
Folarin Balogunning «Monako»dan «Everton»ga transferi ham transfer oynasining so‘nggi kunida amalga oshmay qoldi. Kelishuv qiymati taxminan 40 million funtga baholangan. Biroq futbolchining tibbiy ko‘rigi jarayonida muammo paydo bo‘lgan va «Everton» shartlarni qayta ko‘rib chiqishga uringan.
Bundan tashqari, Balogunning Angliyaga uchishi kechikkan, «Monako» esa zarur hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etishda muammolarga duch kelgan. Hatto transfer oynasi yopilishidan oldin bitim varaqasi topshirilgan bo‘lsa-da, yakunda futbolchining o‘zi «Monako»da qolishga qaror qilgan.
5. Marko Palestra — «Inter»dan «Chelsi»ga o‘tib ketdi
Mo‘ljallangan klub: «Inter»
Amaldagi klubi: «Atalanta»dan «Chelsi»ga
«Inter» taklifi: 40 mln yevro+ 5 mln bonus yevro
Marko Palestra bo‘yicha «Inter» «Atalanta»ga 40 million yevro + 5 million yevro bonus taklif qilgan. Milanliklar futbolchining agenti bilan ham uchrashib, unga mavsumiy 2,5 million yevro maosh taklif qilgan.
Biroq so‘nggi pallada «Chelsi» transferga aralashdi. London klubi yuqoriroq taklif bilan chiqib, Palestrani qo‘lga kiritdi.
Natijada «Inter»ning rejasi amalga oshmadi, Palestra esa «Chelsi»ga 57 million yevro + 3 million yevro bonus evaziga o‘tdi.
Zion Suzuki — «PSJ» transferni yakunlay olmadi
Mo‘ljallangan klub: PSJ
Amaldagi klubi: «Parma»dan «Aston Villa»ga
«PSJ» taklifi: 35 mln yevrogacha.
«PSJ» yozda «Parma» darvozaboni Zion Suzukini tarkibiga qo‘shishga jiddiy harakat qildi. Fransiya klubi dastlab 28 million yevro + bonuslar taklif qildi. Bu taklif rad etilgach, PSJ umumiy qiymati 35 million yevrogacha bo‘lgan yangi taklif tayyorladi.
Biroq muzokaralar davomida «Aston Villa» ishga qo‘shildi va 16 avgust kuni «Parma» bilan aynan 35 million yevro, bonuslar bilan birga baholangan kelishuvga erishdi.
Shu tariqa, PSJning Suzukini olish rejasi amalga oshmadi.
7. Luis Enrike — «Roma» transferni yakunlay olmadi
Mo‘ljallangan klub: «Roma»
Amaldagi klubi: «Zenit»
Kelishuv: 5 mln yevrolik ijara + 30 mln yevroga sotib olish huquqi
«Roma» Luis Enrikeni «Zenit»dan olib kelishga juda yaqin kelgan. Italiya klubi 5 million yevro to‘lovli ijara va 30 million yevro atrofidagi sotib olish huquqi bo‘yicha kelishuv ustida ishlagan. Klublar va futbolchining o‘zi bilan ham prinsipial kelishuvga erishilgan.
Biroq yakunda ayrim texnik muammolar tufayli bitim rasmiylashtirilmadi.