Yannik Sinner ketma-ket yettinchi finalda gʻalaba qozondi
Italiya vakili Yannik Sinner Monte-Karlo grunt turniri («Masters» seriyasi) g‘olibiga aylandi. Hal qiluvchi bahsda u dunyoning birinchi raqamli raketa ustasi Karlos Alkarasni 7:6 (7:5), 6:3 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa, italiyalik tennischi ketma-ket yettinchi finalda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi.
Sinner bungacha 2026 yilgi mavsumda Mayami va Indian-Uells «Masters»larida zafar quchgan edi. Shuningdek, u 2025 yilgi mavsum yakunida ATP Yakuniy turniri, Parij «Masters», Vena (ATP-500) hamda Pekin «Masters» turnirlarining final uchrashuvlarida ham g‘alabani qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Yannik Sinner so‘nggi bor US Open — 2025 finalida mag‘lubiyatga uchragan edi. O‘shanda italiyalik sportchi Karlos Alkarasga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.