Yangi yil bayrami arafasida Samarqand viloyatida yangi sport inshootlari foydalanishga topshirildi
Yangi yil bayrami arafasida Samarqand viloyatida yangi sport inshootlari foydalanishga topshirildi. Xususan, Bulung‘ur tumani sport maktabida barpo etilgan zamonaviy kurash zalini topshirish marosimida tuman hokimi S.Astonov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i J.Nurmanov hamda nuroniylar, sportchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur yengil konstruksiyali sport zalining o‘lchami 12x30 metr bo‘lib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-apreldagi PQ-132-son qarori asosida, Bulungʻur tumanini 2025-2026-yillarda jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida barpo etildi.
Shuningdek, Narpay tumani sport maktabining TIP-1 o‘yingohi yangidan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. “Ochiq byudjet” dasturi doirasida amalga oshirilgan qurilish ishlariga 3 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.
Tadbirda so‘z olganlar tomonidan taʼkidlanganidek, tuman aholisiga xizmat qiluvchi bu loyiha, kelajakda ko‘plab sport musobaqalarini o‘tkazish imkonini beradi.