«Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari»: Bugun to‘qqiz hududda bahslar tashkil etildi
“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari bugun Respublikamizning to‘qqiz hududini qamrab oldi. Kun davomida yosh sportchilar 5 ta sport turi bo‘yicha bahslashishdi.
Eng ko‘p o‘tkazilgan bahslar salmog‘i Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Chirchiq Olimpiya va Paralimpiya markazi hamda Nurafshon shahrida taekvondo WT, sport kurashlari, og‘ir atletika va badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatlarida sport kurashlari hamda boks bo‘yicha navbatdagi bahslar bo‘lib o‘tdi. Jizzax, Buxoro va Navoiy viloyatlarida boks bo‘yicha saralash, Qashqadaryo viloyatida esa final janglari o‘tkazildi.
Shuningdek, Xorazm va Namangan viloyatlarida sport kurashlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlab olindi.