World Rowing 2027 va 2028-yilgi Jahon kubogining III bosqichiga mezbonlik qiluvchi shaharlarni e’lon qildi
World Rowing 2027 va 2028-yillarda akademik eshkak eshish bo‘yicha Jahon kubogining uchinchi bosqichiga mezbonlik qiladigan shaharlarni rasman e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2027-yilda musobaqa tarixda ilk bor Chexiyaning Račice shahrida, 2028-yilda esa 30 yildan ortiq tanaffusdan so‘ng Germaniyaning Duisburg shahrida bo‘lib o‘tadi.
Račice ilk bor Jahon kubogi bosqichiga mezbonlik qiladi
2027-yilgi Jahon kubogining uchinchi bosqichi Chexiya uchun tarixiy voqea bo‘ladi. Chunki mamlakat o‘z tarixida ilk bor World Rowing Cup musobaqasiga mezbonlik qiladi. Roudnice nad Labem–Račice sport majmuasi tarkibiga kiruvchi Labe Arena Račice eshkak eshish kanali yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega va aynan o‘sha yerda xalqaro turnirlar tashkil etilgan va muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Duisburg Jahon kubogi taqvimiga qaytmoqda
2028-yilda Jahon kubogining uchinchi bosqichi Germaniyaning Duisburg shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu shahar 1990-yillar boshidan buyon ilk bor Jahon kubogi musobaqasiga mezbonlik qiladi. Duisburgdagi mashhur eshkak eshish kanali xalqaro musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha boy tarixga ega. 2026-yilning 23–26-iyul kunlari ushbu maskanda U23 yosh toifasidagi sportchilar o‘rtasida jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Musobaqa 2028-yilgi Jahon kubogi oldidan muhim sinov vazifasini o‘taydi. Germaniya akademik eshkak eshish bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalarni o‘tkazishda katta tajribaga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat bugunga qadar Jahon kubogining 20 ta bosqichiga mezbonlik qilgan bo‘lib, shundan 13 tasi 2000–2012-yillar oralig‘ida tashkil etilgan. Bundan tashqari, Germaniyada 4 marta jahon chempionati o‘tkazilgan. So‘nggi bor bu nufuzli musobaqa 2007-yilda bo‘lib o‘tgan.
2028-yilgi Jahon kubogining o‘ziga xos jihati
2028-yilda Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Duisburgdagi Jahon kubogi bosqichi Olimpiya yo‘llanmalari to‘liq taqsimlanganidan so‘ng o‘tkaziladi. Los-Anjeles–2028 Olimpiadasi tarixda ilk bor Long-Bichdagi Marine Stadium kanalida 2000 metr emas, balki 1500 metr masofada o‘tkazilishi sababli, 2028-yilgi Jahon kubogining Duisburg bosqichi ham aynan 1500 metr masofada tashkil etiladi. Bu sportchilarga Olimpiada oldidan yangi formatda kuch sinab ko‘rish imkonini beradi.
2027 va 2028-yilgi Jahon kubogining to‘liq musobaqalar taqvimi 2026-yil avgust oyining oxirida Niderlandiyaning Amsterdam shahrida bo‘lib o‘tadigan World Rowing Kongressida rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.