World Archery Ijroiya Kengashi qoidalar bo‘yicha muhim o‘zgarishlar va LA28 Olimpiadasiga tayyorgarlikni muhokama qildi
World Archery — Kamondan otish bo‘yicha Jahon federatsiyasi Ijroiya kengashi Lozanna (Shveysariya) shahrida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda milliy federatsiyalar faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan masalalar, shuningdek, 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida kamondan otish musobaqalariga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi.
Yig‘ilishda musobaqa qoidalariga kiritilgan o‘zgarishlar asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, jahon va qit’a chempionatlarida firuza rangli nishondan foydalanish majburiy etib belgilandi hamda bir musobaqa doirasida turli xil nishonlardan foydalanish taqiqlanadi. Shuningdek, jamoalar bir xil rangdagi sport kiyimida maydonga tushgan holatlarda kiyimni almashtirish qoidasi endilikda televideniye orqali namoyish etiladigan barcha uchrashuvlarga tatbiq etiladi. Bundan buyon baholash varaqasida imzo yo‘qligi sportchining avtomatik diskvalifikatsiyasiga olib kelmaydi.
Alohida e’tibor olimpiya masalalariga qaratildi. LA28 Olimpiya o‘yinlarida kamondan otish musobaqalari formati bo‘yicha turli takliflar muhokama qilinganiga qaramay, Los-Anjeles Olimpiadasi uchun musobaqalar formati o‘zgarmasligi tasdiqlandi. Shuningdek, olimpiya saralash tizimi loyihasi ko‘rib chiqilib, yakuniy tasdiqlash uchun Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasiga taqdim etildi.
Qabul qilingan qarorlar musobaqalar qoidalarining shaffofligini oshirish, bellashuvlar tomoshabopligini yaxshilash hamda milliy federatsiyalarning yirik xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarligini ta’minlashga qaratilgan.