UFF Ijroqo‘mi o‘smirlar futzali taraqqiyotining istiqbolli yo‘nalishlarini belgiladi
O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida o‘smirlar terma jamoasining III Osiyo yoshlar o‘yinlaridagi ishtiroki hamda kelgusi rejalar muhokama qilindi.
UFF Prezidenti Bekzod Mamatqulov Bahrayn–2025 musobaqasi futzal bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ishtirok etgan ilk xalqaro rasmiy musobaqa sifatida tarixdan o‘rin olishini, yosh futzalchilarimiz uchun katta tajriba maktabiga aylanganini, o‘smirlarimiz Vatanimiz shaʼnini himoya qilib, kuchli to‘rtlikka kirganini va medallar uchun oxirgi kungacha kurashganini taʼkidladi. Shuningdek, barcha o‘yinlarni tahlil qilish, mag‘lubiyatlardan to‘g‘ri xulosalar chiqarish zarurligini uqtirdi. O‘z navbatida Osiyo Yoshlar o‘yinlari butun mamlakat sport jamoatchiligi uchun ham muhim voqea bo‘lganini qayd etdi. Bundan tashqari, Osiyo Olimpiya Kengashi qitʼa yoshlarining navbatdagi forumi — 2029 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlarini Toshkent shahrida o‘tkazishni ishonib topshirgani O‘zbekiston sportiga bo‘lgan xalqaro ishonch va eʼtirofdan dalolat beradi.
Bu yil birinchi bor o‘tkazilayotgan “UFF Prezidenti kubogi” yosh futzalchilar uchun katta imkoniyat bo‘ladi. Musobaqa ularga muntazam o‘yin amaliyoti, tajriba va mahorat oshirish imkonini beradi. “Bu yosh isteʼdodlar – kelajakda milliy futzalimiz poydevori bo‘lishadi. Ularning o‘sishi va rivojlanishini doimiy nazorat qilib borish muhim. Shu maqsadda "UFF Prezidenti kubogi" musobaqasida ishtirok etuvchi Yoshlar terma jamoasini aynan shu o‘smirlar jamoasi negizida shakllantirish maqsadga muvofiq”, – dedi Mamatqulov.
UFFning “Musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish Reglamenti”ga ko‘ra, Oliy liga jamoalari kamida bir nafar 2009 yil va undan keyin tug‘ilgan futbolchini qaydnomaga kiritishi belgilangan. Ushbu tartib “UFF Prezidenti kubogi” musobaqasida yanada takomillashib, 16 yoshli futzalchining asosiy tarkibda maydonda harakat qilishi, zaxiraga olinganda ham faqat shu yoshdagi o‘yinchi bilan almashtirilishi shart qilib qo‘yilgani yoshlarimizga bo‘lgan eʼtiborning oshayotganini ko‘rsatadi.
UFF rahbari 2029 yilgi Osiyo yoshlar o‘yinlariga tayyorgarlikni bugundan boshlash zarurligini taʼkidladi. 2026 yil boshidan barcha viloyatlarda sayyor tanlovlar o‘tkazilib, 2013 yil va undan keyin tug‘ilgan iqtidorli yoshlarni saralash, ular bilan muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazilib, kuchli jamoani shakllantirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
UFF Ijroqo‘mi yig‘ilishida qator muhim qarorlar qabul qilindi:
- Yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Konstantin Sviridovga Bahrayn–2025da ishtirok etgan o‘smirlar jamoasi negizida yangi jamoani shakllantirish;
- “UFF Prezidenti kubogi”da Yoshlar jamoasining munosib ishtiroki uchun zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish;
- 2026 yilning birinchi choragidan yangi murabbiylar shtabi 2013 yil va undan keyin tug‘ilgan isteʼdodlarni jamlash va jamoani shakllantirishga kirishadi.
Shuningdek, O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi qaroriga ko‘ra o‘smirlar terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Dilshod Rahmatov bilan mehnat shartnomasi muddati yakunlangani sababli tugatildi. Federatsiya unga samarali faoliyati uchun minnatdorchilik bildirdi.
UFF rahbariyati taʼkidlaganidek, futzalimizda avlodlar almashinuvi uzluksiz va tizimli kechishi lozim. O‘smirlar jamoasi — Yoshlar terma jamoasi uchun, Yoshlar terma jamoasi esa — Milliy terma jamoa uchun munosib o‘rinbosarlar yetkazib berishi ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi.
Yangi rejalar, yoshlar bilan tizimli ish olib borish, ichki va xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etish, tajriba va mahoratni oshirish — bularning barchasi mamlakatimiz futzalining istiqboli va kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratadi.