Stol tennisi bo'yicha Jahon va qitʼa chempionatlarida qatnashadigan tennischilar saralandi
Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi sport majmuasida ayollar va erkaklar oʻrtasida yakkalik, juftlik, aralash juftlik, jamoaviy va aralash jamoaviy yoʻnalishlarda oʻtkazilgan mamlakat chempionati bahslari qiziqarliligi bilan alohida ajralib turdi.
Ikki haftalik shiddatli bahslarning erkaklar guruhida 94 nafar, ayollar guruhida 86 nafar reytingga ega kichik raketka ustalari chempionlik yoʻlida kurash olib borishdi.
Oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionati joriy yil 28-aprel — 10-may kunlari Angliyaning London shahrida boʻladigan jamoalar oʻrtasidagi jahon chempionati hamda 19-25-oktyabr kunlari yurtimizda tashkil etiladigan Osiyo chempionatida vatanimiz sharafini himoya qiladigan mahorat egalarini saralashga qaratilganligi sabab har bir oʻrin uchun kechgan kurashlar muxlisu mutaxassislar eʼtibor markazida boʻldi.
Musobaqalarning yakkalik oʻyinlarida Zohid Kenjayev, Shohrux Iskandarov, Jamshid Rahimberganov va Diyorbek Dilshodov erkaklar oʻrtasida, Adelina Hasanova, Arujan Kamolova, Diana Polegayeva va Asel Erkebayeva ayollar oʻrtasida 2026-yilgi mamlakat birinchiligining sovrindorlari, degan nomga musharraf boʻldi.
Chempionatning erkaklar oʻrtasidagi juftlik bahslarida Zohid Kenjayev/ Diyorbek Dilshodov, ayollar oʻrtasidagi juftlik musobaqalarida Asel Erkebayeva/Adelina Hasanova tandemi, aralash juftlikda Z. Kenjayev/A. Kamolova gʻoliblik shohsupasiga koʻtarildi.
Jamoaviy musobaqalarda esa Toshkent shahri, Andijon viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tennischilari oʻz yoʻnalishlarida chempionlik maqomiga ega chiqishdi.
Gʻolib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.