Samarqandda ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi
Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom al-Buxoriy majmuasida "Silk Road-Samarkand", "Talaba yugur" va "Inson uchun" shiori ostida ommaviy yugurish marafoni o‘tkazildi.
Tadbirning ochilish marosimida Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasining ijrochi direktori A. Mursakulov, viloyat hokimi o‘rinbosari H. Tuxtayev, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i J. Nurmanov hamda viloyat oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi viloyat boshqarmasi vakillari ishtirok etib, marafon qatnashchilariga omad tiladilar.
Mazkur ommaviy yugurish musobaqalarida 2000 dan ortiq ishtirokchi (sportchilar, talabalar, o‘quvchilar, xorijiy mehmonlar va havaskorlar) qatnashib, o‘z toifalari bo‘yicha belgilangan masofalarni bosib o‘tishdi.
Silk Road Uzbekistan xalqaro turkumi sport, turizm va madaniyat uyg‘unligi orqali Buyuk Ipak yo‘lining madaniy-tarixiy merosini targ‘ib qilishga qaratilgan. 2026-yilda ushbu turkum mamlakatning sakkizta shahrini qamrab olib, sport turizmining yangi xaritasini shakllantiradi va aholining keng qatlamlarini faol turmush tarziga jalb etadi. Shu maʼnoda mazkur sport tadbirining Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasida o‘tkazilgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, musobaqada shijoat va matonati ko‘rsatganligi va maxsus belgilangan mezonlar asosida saralangan faol ishtirokchilar ham rag‘batlantiruvchi pul mukofotlari, maxsus sertifikatlar bilan mukofotlandi.