Samarqand viloyatida voleybolni rivojlantirish bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Samarqand viloyatida O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev hamda FIVB instruktori Moro Branislav ishtirokida voleybol bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminar davomida viloyatda voleybol sportining bugungi holati chuqur tahlil qilinib, amalga oshirilgan ishlar, mavjud yutuqlar va kamchiliklar atroflicha o‘rganildi.
Mutaxassislar tomonidan hududda sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Tadbir yakunida terma jamoaga iqtidorli sportchilarni yetkazib berayotgan murabbiylarga O‘zbekiston voleybol federatsiyasi nomidan voleybol setkalari, koptoklar va boshqa zarur inventarlar topshirildi.
Shuningdek, viloyatning Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi hamda Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Uchrashuv doirasida kelgusidagi ustuvor ishlar rejasi ishlab chiqildi va 2026-yilda talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan CAVA chempionatini Samarqandda tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.