Poytaxtimizda bugundan taekvondo WT bo'yicha yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatiga rasman start berildi
Poytaxtimizda bugundan taekvondo WT bo'yicha yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatiga rasman start berildi. Bellashuvlarga mezbonlik qilayotgan "Olimpiya shaharchasi"dagi Yakkakurash sport turlariga mo'ljallangan majmuada dunyo birinchiligining tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Tadbirda Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti doktor Chungvon Choy boshchiligidagi delegatsiya, Birlashgan kurash dunyosi (UWW) prezidenti Nenad Lalovich, Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ raisining birinchi o'rinbosari Otabek Umarov hamda MOQ raisi o'rinbosari, O'zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov, shuningdek, qator nufuzli mehmonlar ishtirok etishdi.
Marosimda so'z olgan janob Chungvon Choy mamlakatimizda taekvondo WT sport turini yanada ommalashtirish yo'lida olib borayotgan sa'y harakatlari uchun Sport vaziri Adham Ikramov va MOQ raisining birinchi o'rinbosari Otabek Umarov, MOQ raisi o'rinbosari, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatovga minnatdorchilik bildirdi. Shundan so'ng, Otabek Muhammadaliyevich ishtirokchi sportchi va murabbiylarni, delegatlarni qutlab, Toshkent-2026 yoshlar Jahon chempionatini rasman ochiq deya e'lon qildi.
Tadbir yakunida World Taekwondo Performance Team tomonidan muxlislarga unutilmas va taassurotlarga boy dasturlar namoyish etildi. Toshkentdagi Jahon chempionati 17-aprelga qadar davom etadi.