PFLda yangi jahon chempioni aniqlandi — Jena Bishop sensatsion g‘alabaga erishdi
AQSHning Chikago shahrida tashkil etilgan PFL turnirida yangi jahon chempioni aniqlandi. Musobaqaning markaziy jangida amerikalik Jena Bishop tajribali Liz Karmushni mag‘lub etib, ayollar o‘ta yengil vazn toifasidagi chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa 40 yoshli Bishop PFL tarixida ushbu vazn toifasining ilk jahon chempioniga aylandi. Bu haqda MMA Fighting nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, besh raund davom etgan bellashuvda Karmush dastlabki raunddayoq kuchli zarbalar bilan ustunlikka erishgan. Biroq keyingi raundlarda Bishop kurashdagi mahorati evaziga tashabbusni o‘z qo‘liga olgan. U raqibini bir necha bor parterga o‘tkazib, bo‘g‘ish usullari orqali jangni muddatidan oldin yakunlashga uringan. Yakunda hakamlarning barchasi 48:47 hisobida Bishopning g‘alabasini qayd etgan.
Jangdan so‘ng oktagonga britaniyalik mashhur jangchi Dakota Ditcheva chiqib, yangi chempion bilan yuzma-yuz keldi. Tomonlar o‘rtasida qisqa muloqot bo‘lib o‘tdi va kelajakdagi ehtimoliy chempionlik jangi muhokama qilindi. Ditcheva 2024-yilda Bishopni mag‘lub etgan bo‘lib, endilikda undan navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritishni maqsad qilmoqda. Ularning chempionlik kamari uchun revansh jangi 2027-yilda tashkil etilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Bishop va Karmush avval 2025-yil avgust oyida PFL turniri finalida to‘qnash kelgan. O‘shanda Karmush uchinchi raundda texnik nokaut evaziga g‘alaba qozongan edi. Bu safar Bishop revansh olish bilan birga, faoliyatidagi ilk yirik chempionlik kamariga ham ega chiqdi. Endilikda uning professional MMA rekordi 12 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyatni tashkil etmoqda. Karmush hisobida esa 26 ta g‘alaba va 9 ta mag‘lubiyat mavjud.