O‘zbekistonlik taekvondochilar xalqaro turnirda oltin medalni qo‘lga kiritishdi
Koreya Respublikasining Muju shahri mezbonlik qilayotgan taekvondo WT bo‘yicha “WT Diamond Games” musobaqasining ikkinchi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Mikst dasturida o‘tgan bellashuvlarda hamyurtlarimiz 1 tadan oltin va bronza medallariga ega chiqishdi.
Diyorbek To‘xliboyev, Shuhrat Salaev, Shabbona Abduvalieva hamda Svetlana Osipovadan iborat asosiy jamoamiz saralash bosqichlarida Indoneziya va Mo‘g‘uliston, finalda esa Qozog‘iston vakillarini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ozodbek Mamadaleev, Yodgor Jo‘raboyev, Sevinch Haydarova va Ozoda Sobirjonovadan iborat ikkinchi jamoamiz esa Singapur va Koreya Respublikasini mag‘lub etib, yarim finalda Qozog‘istonga imkoniyatni boy berdi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda Marokash ustidan qo‘lga kiritilgan g‘alaba ushbu jamoamizning ham shohsupaga ko‘tarilishini ta’minladi.
Shu tariqa, hamyurtlarimiz musobaqada qo‘lga kiritgan medallari soni 2 ta oltin va 1 ta bronzaga yetdi. Ertaga yakka bahslarda g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.