O‘zbekiston ot sporti xalqaro maydondagi o‘z mavqeini mustahkamlamoqda
30–31-mart va 1-aprel kunlari Shveysariyaning Lozanna shahrida xalqaro sport forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda jahon sport hamjamiyati vakillari, jumladan, xalqaro federatsiyalar va milliy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida Xalqaro ot sporti federatsiyasi prezidenti Ingmar De Vos O‘zbekiston Respublikasi yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Baxromjon Gaziyevni yuqori sport natijalari bilan tabrikladi.
Xususan, 2026-yilda O‘zbekiston tarixida ilk bor ot sporti bo‘yicha eng yirik xalqaro musobaqalarga birdaniga ikki yo‘llanma qo‘lga kiritilgani alohida ta’kidlandi. Sportchi Bekzod Kurbanov AQShning Texas shtatida bo‘lib o‘tadigan Jahon kubogi finalida, hamda Germaniyaning Axen shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Mazkur yutuqlar O‘zbekistonda ot sportining izchil rivojlanayotganini, sportchilar tayyorgarligi darajasi oshib borayotganini hamda mamlakatning xalqaro sport maydonidagi o‘rni mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Uchrashuv davomida Baxromjon Gaziyev Ingmar De Vosga, shuningdek Sabrina Ibáñezga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Bunday uchrashuvlar xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va O‘zbekistonda ot sportini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.