O‘zbekiston kubogi–2026 bahslari aprel oyida start oladi
Mamlakatimiz futzal musobaqalari orasida nufuzi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi O‘zbekiston kubogi–2026 bahslari joriy yilning aprel oyida boshlanadi.
O‘zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, musobaqa ikki bosqichdan iborat holda tashkil etiladi. Kubok bahslariga qur`a tashlash marosimi joriy yilning 14-aprel kuni bo'lib o'tadi.
Dastlabki bosqich – guruh bahslari
Birinchi bosqichda Oliy va Birinchi liga jamoalari qur’a tashlash natijalariga ko‘ra to‘rtta saralash guruhiga taqsimlanadi. Guruh o‘yinlari markazlashgan tarzda, bir davrali tizim asosida o‘tkaziladi.
Har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘llanma oladi. Rejaga ko‘ra, guruh bahslari 27-aprel — 6-may kunlari Jizzax shahrida bo‘lib o‘tadi.
Ikkinchi bosqich – pley-off
Olimpiya tizimida tashkil etiladigan ikkinchi bosqich chorak final uchrashuvlaridan boshlanadi.
¼ finalda “A” guruhi peshqadamlari “C” guruhi yetakchilariga qarshi to‘rning chap qismida bahs olib boradi. “B” guruhida dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar esa “D” guruhidan chorak finalga chiqqan jamoalarga qarshi to‘rning o‘ng qismida bellashadi.
Chorak final bosqichida g‘olib bir o‘yin natijasiga ko‘ra aniqlanadi. Ushbu uchrashuvlar 20–21-may kunlariga belgilangan bo‘lib, o‘yinlarga Qarshi shahridagi «Geolog» sport majmuasi mezbonlik qiladi.
Yarim finallar va FINAL
Yarim final bosqichida jamoalar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra finalchilarni aniqlaydi. Agar ikki uchrashuv yakunlariga ko‘ra kuchlar teng kelsa, ikkinchi o‘yindan so‘ng 5 daqiqalik qo‘shimcha taymlar belgilanadi. Qo‘shimcha vaqtda ham g‘olib aniqlanmasa, final yo‘llanmasi FIFA qoidalariga muvofiq penaltilar seriyasi orqali hal etiladi.
Yarim final bahslari 28–29-may kunlari Andijon shahridagi «Universal» sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston kubogi–2026 musobaqasining hal qiluvchi final uchrashuvi 3-iyun, chorshanba kuni Toshkent shahridagi «Yunusobod» sport majmuasida tashkil etiladi.