Ot sportining to’siqlardan sakrash (konkur) yo’nalishi bo‘yicha Jahon kubogi finali ishtirokchilari aniqlandi
Dunyoning eng nufuzli ot sporti musobaqalaridan biri — ot sportining to’siqlardan sakrash (konkur) yo’nalishi bo‘yicha Jahon kubogi finali uchun saralash bosqichi yakunlandi. Final 7–12 aprel kunlari Texasda bo‘lib o‘tadi. Joriy yilda hal qiluvchi bahslarda 19 ta davlatdan 38 nafar eng kuchli sport juftligi ishtirok etadi.
Alohida e’tiborga loyiq jihati shundaki, ushbu 38 nafar dunyoning eng kuchli chavandozlari qatoridan O‘zbekiston vakili — Bekzod Kurbanov ham joy olgan. Uning finalga yo‘l olgani ot sportimiz uchun muhim yutuq va katta qadamdir.
U bilan bir qatorda maydonga eng kuchlilar — jahon darajasidagi sportchilar chiqadi. Ular orasida afsonaviy Steve Guerdat ham bor. U uzoq tanaffusdan so‘ng yana saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘zining yuqori darajasi va zamonamizning eng kuchli chavandozlaridan biri ekanini yana bir bor isbotladi.
Jahon kubogi finali an’anaviy ravishda tajriba, mahorat va iroda to‘qnashadigan keskin va murosasiz bahslar maydoniga aylanadi. Bu yilgi musobaqa ham nihoyatda yorqin va tomoshabop o‘tishi kutilmoqda.