Oliy liga 5-tur uchrashuvlariga Buxoro shahri mezbonlik qiladi
Mamlakat milliy chempionati – Oliy liga jamoalarining 5-tur uchrashuvlari joriy yilning 17 – 22 noyabr kunlari Buxoro shahrida boʻlib oʻtadi. Turga 2024 yilgi Jahon chempionati oʻyinlarini qabul qilgan muhtasham «Universal» sport majmuasi mezbonlik qiladi.
Mazkur tur Oliy ligada ikkinchi davra oʻyinlarini boshlab beradi. Birinchi davradan keyin ishtirokchilarda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar ustida ishlash, ikkinchi davraga puxta tayyorgarlik koʻrish uchun yetarlicha vaqt, imkoniyat boʻldi. Shu maʼnoda 5-turda biz yana keskin raqobat, hujumkor va sermahsul oʻyinlar guvohi boʻlamiz, degan umiddamiz.
5-turning har bir oʻyin kunida muxlislarni oʻziga tortuvchi uchrashuvlar bor. Turning eng qiziqarli oʻyini esa shubhasiz, karvonboshi — BMB PFS jamoasi hamda uning eng yaqin taʼqibchisi — “Oil Star” oʻrtasidagi uchrashuv boʻladi. Shu maʼnoda buxorolik futzal ishqibozlari hamda qadimiy va hamisha navqiron Buxoro shahri mehmonlariga Oliy liganing 5-tur uchrashuvlarini oʻtkazib yubormaslikni tavsiya qilamiz.
"OʻFF" hamda «Sport» ijodiy birlashmasining oʻzaro kelishuviga muvofiq 5-turning barcha oʻyinlari "Sport-TV" va "Futbol-TV" telekanallarida, shuningdek, Oʻzbekiston futzal federatsiyasining YouTube kanali orqali toʻgʻridan-toʻgʻri, jonli tarzda efirga uzatiladi. Bundan tashqari, muxlislarimiz uchun Telegram kanalimiz orqali ham jonli, matnli translyatsiyalar berib boramiz.