Olimpiya chempioni Ruslan Nurudinov Qoraqalpog‘istonda sportchilar bilan uchrashdi
O‘zbek sporti tarixida yorqin sahifalar qoldirayotgan, Rio–2016 Olimpiya o‘yinlari chempioni Ruslan Nurudinov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, hududdagi sportchilar va murabbiylar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Suhbatlar chog‘ida Ruslan Nurudinov sport olamiga kirib kelishidagi ilk qadamlar, mashg‘ulotlar jarayonidagi qiyinchiliklar, iroda va sabr-toqatning muhimligi, shuningdek, yuksak natijalarga erishish yo‘lida bosib o‘tilgan yo‘l haqida atroflicha so‘zlab berdi.
Shundan so‘ng Olimpiya chempioni Nukus shahri, Taxiatosh hamda Sho‘may tumanlarida faoliyat olib borayotgan sportchilar bilan uchrashib, amaliy mahorat darslarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar davomida u texnik harakatlar, to‘g‘ri mashq bajarish usullari, sportchining jismoniy va ruhiy tayyorgarligi masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Mazkur uchrashuvlar yosh sportchilar uchun katta motivatsiya bo‘lib, ularning kelgusida yuqori marralarni ko‘zlab, xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlariga ishonch bag‘ishladi.