Og'ir atletika. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi rahbariyati Akbar Jo‘rayev nomidagi sport klubi qurilishi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–137-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Soyliq” qishlog‘i, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan Olimpiya o‘yinlari chempioni Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport klubini barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Bugun mazkur sport obyektiga Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Mohammed Hassan Jalood hamda federatsiya Bosh kotibi Mohammed Alharbi tashrif buyurib, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o’rinbosari Shaxrillo Sharipovich Mahmudov hamrohligida qurilish jarayonlari, yaratilayotgan infratuzilma va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Martabali mehmonlar sport klubi loyihasi, zamonaviy talablarga javob beradigan sport inshooti sifatida rejalashtirilayotgani, sportchilar uchun yaratiladigan shart-sharoitlarni yuqori baholab, mazkur maskan kelgusida jahon va Olimpiya o‘yinlari chempionlari yetishib chiqadigan muhim sport markaziga aylanishiga ishonch bildirdilar.
Quvonarlisi shundaki, tashrif doirasida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi hamda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandumga muvofiq, kelgusida Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport klubida xalqaro seminarlar, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari hamda tajriba almashishga qaratilgan nufuzli tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Bu esa mamlakatimizda og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo’lishi shubhasiz.