Kurashni rivojlantirish va mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi
Qarshi shahrida kurash sport turini yanada rivojlantirish, sport infratuzilmasini takomillashtirish hamda sportchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Kurash federatsiyasi bosh kotibi Alisher Eshonqulov, viloyat Kurash federatsiyasi ijrochi direktori Bahrom Avezov, Qarshi shahar Kurash mahorat maktabi sport ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Serobjon Ibragimov hamda hududlarda faoliyat olib borayotgan trenerlar, kurash federatsiyasi mas’ullari va sportchilar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida joylardagi kurash zallarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sport anjomlari bilan ta’minlash, xususan, tatami yetishmovchiligi masalalarini bartaraf etish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, trenerlarning faoliyati samaradorligini oshirish, yosh sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda sportchilar o‘rtasida sog‘lom va halol raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda antidoping talablariga qat’iy rioya qilish, sportchilar va murabbiylar o‘rtasida bu borada tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xalqaro sport talablari asosida faoliyat olib borish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan takliflar asosida kurash sport turini hududlarda yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish hamda sportchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.