Kurashni IBSA tarkibiga kiritish yo‘lida muhim qadam
Kurashni IBSA tarkibiga kiritish yo‘lida muhim qadam
Joriy yilning 5 fevral kuni Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi (IKA) Bosh kotibi Muhammad Rizo Nasiri hamda Xalqaro ko‘zi ojizlar sporti assotsiatsiyasi (IBSA) Bosh direktori janob Rufat Hojili o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muloqot IKA Prezidenti va IBSA Prezidenti o‘rtasida o‘tkazilgan qator muzokaralarning mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi hamda Kurash sport turini IBSA tashkiloti tarkibiga kiritish bo‘yicha amaliy hamkorlikning navbatdagi bosqichini boshlab berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Kurash bo‘yicha ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi sportchilar ishtirokini ta’minlash maqsadida maxsus klassifikatsiya (toifalash) nizomini ishlab chiqish zarurligi haqida yakdil fikrga kelishdi. Qayd etilganidek, har qanday xalqaro musobaqalarni tashkil etishdan oldin sportchilarning adolatli va aniq klassifikatsiyasini belgilash ustuvor ahamiyatga ega.
Yaqin vaqt ichida mazkur hujjatlar IKAga taqdim etiladi. Assotsiatsiya mutaxassislari Kurash xususiyatlari va sportchilar imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda munosib va xalqaro talablarga javob beradigan klassifikatsiya modelini ishlab chiqadi. Shundan so‘ng loyihani amalga oshirish bosqichiga o‘tiladi- deydi IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri.