Jizzax viloyati Arnasoy tumanida taekvondo WT yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy sport klubining ochilish marosimi oʻtkazildi
Jizzax viloyati Arnasoy tumanida taekvondo WT yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy sport klubining ochilish marosimi oʻtkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov, Sport vazirligi mas’ullari, Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov ishtirok etdi.
Tadbir ko‘tarinki ruhda, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazildi. Yosh sportchilar tomonidan taekvondo WT sport turi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilib, bu chiqishlar tadbir mehmonlari va ayniqsa yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Namoyishlar sportchilarning jismoniy tayyorgarligi, intizomi va texnik mahoratini yaqqol aks ettirdi.
Yangi tashkil etilgan mazkur sport klubi tumanda taekvondo sport turini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralab olish va ularni professional sportga yo‘naltirishda muhim o‘rin tutadi. Klub faoliyati doirasida muntazam mashg‘ulotlar, seleksiya jarayonlari hamda musobaqalarga tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida yangi ochilgan klub sportchilari uchun zamonaviy sport anjomlari, jumladan himoya vositalari, zarba jihozlari va mashg‘ulotlar uchun zarur inventarlar topshirildi. Bu esa sportchilarning sifatli shug‘ullanishi va yuqori natijalarga erishishi uchun zarur shart-sharoit yaratadi.
Mazkur tashabbus tumanda ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish hamda kelgusida respublika va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etadigan sportchilar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.