Javohir Sindarov: «AQSh Blits uchun Varshavadan ko‘ra omadliroq bo‘ladi degan umiddaman!»
Rapid bosqichining 3-kunidan so‘ng hamyurtimiz Javohir Sindarov o‘z partiyalari hamda Blits bosqichidan kutilmalari haqida gapirib o‘tdi:
Lenier Domingezga qarshi partiya haqida:
"Ushbu partiyada 6 daqiqaga 1.5 daqiqa vaqt ustunligi hamda to‘liq yutuqli pozitsiyaga ega edim. Biroq shoshib qilingan bitta yurish sabab g‘alabani qo‘ldan boy berdim. Bu juda alamli bo‘ldi, lekin o‘yin tugagach, bunday vaziyatlarni tezda unuta bilish kerak."
Avonder Liang ustidan g‘alaba haqida:
"Bu uchrashuv juda silliq o‘tdi. Raqibim debyutdayoq taktik imkoniyatlarni o‘tkazib yubordi va h7’dagi fili tuzoqqa tushib qoldi. Pozitsion ustunlik evaziga yakunda g‘alabani osongina rasmiylashtirdim."
Blits bosqichi haqida:
"Umuman olganda, Rapid bosqichi men uchun yaxshi yakunlandi. Sharlottadagi g‘alabamdan so‘ng, AQShdagi Blits bosqichi men uchun Varshavadagidan ko‘ra omadliroq bo‘lishiga umid qilaman. Ertaga maksimal ochkolarni jamg‘arishga harakat qilaman."