G'allaorolda zamonaviy sport inshooti foydalanishga topshirildi
Jizzax viloyati, G'allaorol tumani Mirzabuloq mahallasida 2-sonli sport maktabining zamonaviy sport inshooti foydalanishga topshirildi. Ushbu sport inshootining ochilish marosimi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat sport boshqarmasi boshlig'i Nozimjon Usmonov, tuman hokimligi mas'ul xodimlari, mahalla faollari hamda yoshlar ishtirok etib, yangi maskan bilan yaqindan tanishdilar. Marosim davomida nuroniylar tomonidan duoga qo‘l ochilib, ezgu tilaklar bildirildi va ramziy lenta kesilib, zamonaviy sport zalning ramziy kalitlari 2-son sport maktabiga topshirildi, shu o'rinda foydalanishga rasman start berildi.
Mazkur inshoot G'allaorol tumani Mirzabuloq MFY Xonaqoh qishlog'ida qurilgan bo'lib, sport zalida sportning mini futbol, gandbol, basketbol, voleybol turlari hamda yakkakurash sport turlari bo'yicha musobaqalar o'tkazishga mo'ljallangan.
Shuningdek, Jizzax viloyati sport boshqarmasi boshlig'i N.Usmonov so'zga chiqib, Mirzabuloq mahallasi aholisini ushbu yangi sport inshooti bilan samimiy tabriklab, yosh sportchilarni mashg‘ulotlarini kuzatdi.
Ta’kidlanganidek, bu kabi sport maskanlari yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kelajakda yurtimiz sharafini himoya qiladigan chempionlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.