locale OZ

Futzal. O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi to‘liq tarkibi bilan iste’foga chiqarildi

Terma jamoaning yangi murabbiylar shtabi yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal. O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi to‘liq tarkibi bilan iste’foga chiqarildi
Фото: Ўзбекистон футзали

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasining Osiyo kubogi–2026 musobaqasidagi ishtiroki tanqidiy ruhda muhokama qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov terma jamoaning qit’a birinchiligidagi ishtirokini baholar ekan, musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini ta’kidladi. Xususan, murabbiylar shtabi ish rejasi asosida muntazam o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilgani, jamoaga dunyoning kuchli TOP terma jamoalari sparring raqib sifatida jalb etilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, Indoneziyada bo‘lib o‘tgan musobaqa davomida jamoa a’zolari o‘z imkoniyatlari darajasidan past ishtirok etgani, futzalchilarda kurashga chanqoqlik va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kabi muhim jihatlar yetarlicha namoyon bo‘lmagani tanqid qilindi. Natijada terma jamoa guruh bosqichidan qiyinchilik bilan pley-offga chiqqan bo‘lsa-da, chorak finalda oldiga qo‘yilgan vazifani bajara olmadi.

Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Nodir Eliboyevning boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan iste’fo to‘g‘risidagi arizasi inobatga olindi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasi murabbiylar shtabi to‘liq tarkibi bilan iste’foga chiqarilishi haqida qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi milliy terma jamoa murabbiylar shtabiga o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusidagi faoliyatida ularga omad tiladi.

O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasining yangi murabbiylar shtabi yaqin kunlarda keng jamoatchilik va muxlislar e’tiboriga havola etiladi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting