Futzal. Muddatidan oldin mamlakat chempionini aniqlab bergan tur
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan O‘zbekiston milliy chempionati – Oliy liganing 11-tur bahslari muddatidan oldin mamlakat chempioni nomini aniqlab berdi. Bunga amaldagi chempion – BMB jamoasining yuz foizlik natijasi hamda uning eng ta’qibchilari – “Oil Star” hamda SQB jamoalarini ochko yo‘qotishi bo‘ldi.
Bankchilar aynan Buxoro viloyati jamoasiga qarshi birinchi o‘yin kuniyoq mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan bo‘lsa, “Oil Star” musobaqa mezbonlari – Qarshining “Nasaf” jamoasi qarshiligini yenga olmay, chempionlik poygachini to‘xtatdi. Buxoroliklarning muvaffaqiyatsizligi bu bilan to‘xtab qolmadi. Bahslarning oxirgi kuni “Oil Star” Samarqandning “Dinamo” jamoasi bilan bahsda ham ochko yo‘qotib, vitse-chempionlik masalasini ham oxirgi turga qoldirdi. “Oil Star” 12-turda BMB, OKMK, “Lokomlotiv” jamoalariga qarshi qiyin uchrashuvlar kutib turganligini inobatga oladigan bo‘lsak, kumush medallarni qo‘lga kiritish imkoniyati bankchilarda yuqoridek ko‘rinmoqda. Buning ustiga SQBning raqiblari bir muncha kuchsizroq – “Neftchi”, “Qizilqum”. “Surxon” bilan o‘yinda esa texnik g‘alaba – uch ochko naqd. Shu ma’noda chempionat debyutanti so‘nggi turni yuz foizlik natija bilan yakunlashi deyarli aniq. Faqat ochkolar teng bo‘lib qolganda ustunlik “Oil Star” tomonida. Buxoroliklar SQBni ikki uchrashuvda mag‘lubiyatga uchratgan, yana bir bahsda esa durang o‘ynagan. Shunday ekan, so‘nggi 12-turda vitse-chempionlik uchun kurash “yonadi”. O‘tgan yilgi mavsumning vitse-chempioni oxirgi turda kamida 6 ochko to‘plasa, unvonini saqlab qoladi. Aks holda, bu sharafli nomni bankchilarga topshiradi...
Liganing “Surxon” tark etadi. Oliy ligadagi mavqeini saqlab qolish uchun o‘tish uchrashuvida birinchi liganing kumush medallari sovrindori – “Xorazm”ga qarshi maydonga tushadigan jamoa esa o‘tgan yilgidek “Qizilqum” bo‘ladi. Navoiyliklar bir yil muqaddam “Paxtakor”ni kuchlilar safidan chiqarib yuborgan edi. Ko‘ramiz, bu gal ham ular elitada qolish vazifasini uddalay olisharmikan?
11-turdagi esda qolarli voqeliliklardan biri – 2025/2026-yilgi mavsumning 1000-golining kiritilishi bo‘ldi. Bu yubiley gol «Maksam-Chirchiq» - «Dinamo» uchrashuvining 12-daqiqasida Toshkent viloyati jamoasi hujumchisi Sarvarbek Nurqulov tomonidan amalga oshirildi.