locale OZ

Futzal. Ikkinchi turdan keyin ham qo‘shhokimlik

2-tur uchrashuvlari yakunlandi.
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal. Ikkinchi turdan keyin ham qo‘shhokimlik
Фото: Ўзбекистон футзали

Mamlakat milliy chempionati – Oliy liganing 2-tur bahslariga vodiy javhari – Andijon shahri mezbonlik qildi. Jahon chempionati-2024 munosabati bilan qurib foydalanishga topshirilgan muhtasham «Universal» sport majmuasida muxlislar olti kun mobaynida murosasiz va qiziqarli o‘yinlarning shohidi bo‘lishdi.

Ikkinchi tur oldidan chempionatda qo‘shhokimlik hukmronlik qilayotgan edi: Qarshining «Nasaf» hamda Toshkentning SQB jamoalari yuz foizlik natija bilan peshqadamlik qilishayotgan edi. Ikkinchi turdan keyin ham karvonboshilar soni ikkita. Faqatgina SQB o‘z mavqeini saqlab qolgan bo‘lsa, poytaxtliklarga amaldagi chempion – Jizzaxning BMB RFC jamoasi tenglashib oldi. Qarshining «Nasaf» jamoasi o‘tgan yili vitse-chempion – «Oil Star»ga qarshi murosasiz o‘yinda imkoniyatni boy berib, uchinchi o‘ringa tushib qoldi. O‘z navbatida ikkinchi turni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazgan Olmaliqning OKMK jamoasi qarshiliklarga tenglashib oldi.

Ayni paytda kuchli to‘rtlik ta’qibchilaridan biroz uzoqlashib olgan. Yetakchi kvartetga eng yaqin turgan jamoalar orasida buxoroliklarning poygaga qo‘shilish imkoniyati yuqori. «Lokomotiv» hamda «Dinamo» ham uncha uzoqda emas, biroq bu jamoalarni keyingi turlarda anchagina murakkab uchrashuvlar kutib turibdi.

O‘z navbatida chempionatning barcha ishtirokchilari har bir o‘yinda bor kuch va mahoratlarini ishga solishayotgani, so‘nggi soniyalargacha kurashayotganini e’tiborga molik. Hattoki hali bironta ham ochko jamg‘armagan, yosh futzalchilardan tashkil topgan «Maxam-Chirchiq» namoyish etayotgan o‘yinlarga nazar tashlang. Omad kulib boqganida va biroz tajriba bo‘lganida Bahodir Ahmedov shogirdlari Andijonda «Nasaf»dan ham, «Dinamo»dan ham ochko olar edi. Shunday ekan, biz endi 3-turni sabrsizlik bilan kutamiz.

3-tur esa muxlislarni ko‘p kutitirmaydi. Boshlanayotgan haftaning chorshanba kuni Oliy liga jamoalarini Jizzax shahri o‘z bag‘riga chorlaydi. 3-tur uchrashuvlari Jizzax futbol akademiyasi (sobiq oliy mahorati maktabi) sport zalida bo‘lib o‘tadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting