locale OZ

Futzal. “Dizak” jamoasi 2025/2026 yilgi mavsum Oliy liga musobaqasidan chetlatildi

Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal. “Dizak” jamoasi 2025/2026 yilgi mavsum Oliy liga musobaqasidan chetlatildi
Photo: Ўзбекистон футзали

Jizzaxning “Dizak” futzal klubi O‘zbekiston yuqori divizionidan chetlatildi. Bu haqda mamlakat futzal assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Jizzaxning ‘Dizak’ futzal jamoasi O‘zbekiston futzal federatsiyasi Reglamentida belgilangan talablarga rioya qilmagani uchun 2025/2026 yilgi mavsum Oliy liga hamda Kubok musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida jamoa tomonidan musobaqa Reglamentining quyidagi moddalari buzilgani aniqlandi:

O‘zbekiston futzal federatsiyasining 2025 yil 9 yanvarda tasdiqlangan Ustavi 4.4-bandi;

O‘zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan futzal musobaqalari Reglamenti 8.10-bandi;

“Dizak” futzal klubi tomonidan jamoa bilan bog‘liq moliyaviy qarzdorliklar bartaraf etilmagan. Bir necha bor muddat berilganiga va ogohlantirilganiga qaramasdan, 2023 va 2024 yilgi mavsumlar uchun murabbiylar shtabi va futbolchilarga bo‘lgan katta miqdordagi qarzdorlik to‘lanmagan. Klubga alohida homiy biriktirilmagan. Jamoaning yangi mavsumda musobaqalarda barqaror ishtirok eta olmaslik xavfi mavjud.

Yuqoridagi kamchiliklar jamoaning professional musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatini cheklaydi. Shu sababli, O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Dizak” jamoasini 2025/2026 yilgi mavsumda Oliy liga va Kubok bahslaridan chetlatish, uning o‘rnini O‘tish musobaqasida uchinchi o‘rinni egallagan “Neftchi” futzal klubi bilan to‘ldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

“Dizak” klubining birinchi ligada ishtirok etishi masalasi mavjud kamchiliklar (murabbiylar va futbolchilar bilan bog‘liq moliyaviy qarzdorlik, alohida homiy biriktirilishi, 2025/2026 yilgi mavsum uchun jamoaning moliyaviy strategiyasi taqdim etilishi, klubga alohida, mustaqil rahbar tayinlanishi) 2025 yilning 1 sentyabriga qadar bartaraf etilganidan so‘ng, me’yoriy Reglamentda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi”, — deyiladi xabarda.

Bahrom Bobonov
Bahrom Bobonov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting