Dzyudo. O‘zbekiston chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Bugun Buxoro shahridagi muhtasham "Universal" sport saroyida kattalar o‘rtasidagi dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlandi.
Yurtimizning barcha hududlaridan kelgan kuchli sportchilar, yosh iste’dodlar qo‘hna Buxoro shahrida jam bo‘lishdi. Ilk kungi final bellashuvlari boshlanishi oldidan O‘zbekiston chempionatining tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Unda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni katta sport bayrami bilan qutladi va sportchilarga omad tiladi.
"So‘nggi yillarda yurtimizda sport sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy zallar barpo etilib, milliy an’analarga asoslangan sport maktablari yangilanmoqda. Natijada xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchilar soni tobora ortib bormoqda. Bugungi chempionat ham ana shu yutuqlarning amaldagi poydevoridir", - dedi viloyat hokimi.
Tadbirda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov ham ishtirok etdi. Azizjon Yakubojanovich Buxoro viloyatida sport, xususan dzyudo rivoji uchun katta hissa qo‘shayotgan Botir Zaripovga minnatdorlik ramzi sifatida esdalik sovg‘asi topshirdi. O‘z o‘rnida Buxoro viloyati hokimi Azizjon Kamilov hamda musobaqaga supervayzer sifatida kelgan Qozog‘iston dzyudo federatsiyasi vitse-prezidenti, Osiyo dzyudo ittifoqi referi-direktori, Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sovrindori Asxat Jitkeyevga tarixiy Buxoro ramzi aks etgan esdalik sovg‘asi taqdim etdi.