Dzyudo. Ortda qolayotgan yil sarhisobi hamda yangi mavsum rejalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yakuniga yetib borayotgan 2025 yilgi dzyudo mavsumi sarhisobi hamda tez orada boshlanadigan yangi 2026 yil rejalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, musobaqalardagi yuklama, turnirlar geografiyasining kengligi bilan ajralib turgan yakunlanayotgan mavsum o‘zbek dzyudosining rivojlanishida muhim bosqich bo‘ldi.
Xalqaro va mamlakat miqyosida musobaqalarga boy bo‘lgan yilda o‘smirlar, yoshlar hamda asosiy terma jamoamiz jahon va Osiyo chempionatlari, kompleks musobaqalar, "Katta Dubulg‘a", Gran-Pri turnirlarida muvaffaqiyatli tarzda ishtirok etdi. Dzyudochilarimiz sharafiga bir necha bor davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz ko‘tarildi.
Yig‘ilishda barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar muhokama markazida bo‘ldi. Federatsiya raisi yutuqlar bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida ham to‘xtalib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish lozimligini aytdi.
Azizjon Kamilov fevral oyining so‘nggi kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan an’anaviy "Katta Dubulg‘a" turnirini yuqori saviyada tashkil etish uchun hozirdanoq amaliy ishlarni boshlash kerakligini urg‘uladi.