Dzyudo. Lasha Gudjedjiani – Oʻzbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi
Lasha Gudjedjiani – Oʻzbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi.
O‘zbek dzyudosi tarixida yangi sahifa jiddiy tayinlov bilan boshlanmoqda.
Gruziyalik mutaxassis Lasha Gudjedjiani rasman Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ish boshladi.
Terma jamoamiz Lasha Gudjedjiani qoʻl ostida Lausanne Grand Slam 2026 turnirida ishtirok etib, 1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan dunyoning 77 davlati orasida Top-6`talikdan joy oldi.
Ma'lumot uchun, Lasha Gudjedjiani 2020 yilning 1 dekabridan 2026 yilning iyul oyigacha Gruziya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida ishlagan edi. Uning qoʻl ostida Gruziya terma jamoasi Tokio-2020 Olimpiadasida 1 ta oltin, 3 ta kumush, Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida esa 1 ta oltin, 2 ta kumush medal qoʻlga kiritgan. 2025 yilda esa Gruziya jahon chempionatining jamoaviy bahslarida chempion boʻlib, tarixiy natija qayd etdi. Lashaning oʻzi sportchilik davrida ikki bor jahon chempionati sovrindori boʻlgan.
Ikki Olimpiadada to‘plangan boy tajriba, jamoani shohsupaga olib chiqa olish mahorati Gudjedjiani faoliyatining yangi bosqichida muhim o‘rin tutadi. Oldinda turgan asosiy maqsad — XX Osiyo o‘yinlari! Ayni paytda Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi Lasha Gudjedjiani murabbiyligida ushbu musobaqaga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.
Yangi murabbiy. Katta tajriba. Ulkan maqsadlar.