Anderson Silva boks qoidalari boʻyicha oʻtkazilgan jangda Tayron Vudlini magʻlub etdi
Sobiq UFC o‘rta vazn chempioni Anderson Silva boks qoidalari bo‘yicha o‘tkazilgan jangda Tayron Vudli ustidan muddatidan avval g‘alaba qozondi.
Jang Mayami shahrida bo‘lib o‘tdi va asosiy voqea sifatida Jeyk Pol — Entoni Joshua to‘qnashuvi rejalashtirilgan boks oqshomi doirasida tashkil etildi. 50 yoshli Silva bahsni ikkinchi raundda texnik nokaut bilan yakunladi.
Anderson raqibini nokdaunga yubordi, shundan so‘ng 43 yoshli Vudli jangni davom ettirishga urindi, biroq referi bellashuvni to‘xtatish haqida qaror chiqardi. Bu g‘alaba Silva uchun boksdagi olti jangdagi to‘rtinchi g‘alaba bo‘ldi, ulardan uchtasi nokaut bilan yakunlangan.
Aralash yakkakurashlarda (MMA) braziliyalik sportchining hisobida 34 g‘alaba va 11 mag‘lubiyat bor. Sobiq UFC yarimo‘rta vazn chempioni Tayron Vudli esa boksda ketma-ket uchinchi mag‘lubiyatni qabul qildi. MMA’dagi uning rekordi — 19 g‘alaba, 7 mag‘lubiyat va 1 durang.