Al Bahiyya International Equestrian Arenada ot sportining to‘siqlardan sakrash bo‘yicha CSI2* va CSIYH1* toifalaridagi xalqaro musobaqalar bo‘ldi
Abu-Dabi, BAA 27–30 noyabr 2025
27–30 noyabr kunlari Abu-Dabi shahridagi Al Bahiyya International Equestrian Arenada ot sportining to‘siqlardan sakrash bo‘yicha CSI2* va CSIYH1* toifalaridagi xalqaro musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu turnir mintaqadagi eng nufuzli startlardan biri bo‘lib, unda dunyoning yetakchi chavandozlari, tajribali murabbiylar va yuqori reytingga ega otlar ishtirok etmoqda.
Musobaqa maydoni zamonaviy infratuzilma, texnik talablar va sportchilarning xavfsizligini ta’minlovchi ilg‘or standartlari bilan e'tiborni tortadi.
Musobaqa davomida qayd etilgan natijalar
28 noyabr
O‘zbekiston delegatsiyasi ilk kunlardan boshlab barqaror natijalar qayd etib, bir nechta yo‘nalishlarda kuchli beshlikdan joy oldi.
29 noyabr
145 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash bahsida O‘zbekiston vakili yuqori mahorat namoyish etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur natija jamoamizning strategik rejasida muhim o‘rin tutuvchi ballar jamg‘arilishiga xizmat qildi.
30 noyabr — Asosiy kun
Terma jamoamiz a’zosi Bekzod Kurbanov 150 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash finalida o‘zining eng yaxshi natijalaridan birini qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Sportchi ikkala bosqichni ham ishonchli tarzda, aniqlik va tezlik kombinatsiyasini mukammal uyg‘unlashtirgan holda yakunladi. Bu esa uni mazkur yo‘nalishda yetakchi sportchilar qatoriga yana bir bor qo‘shdi.
Sportchilarimizning qo‘shimcha natijalari
Aburaxmon Abdullaev 150 sm balandlikdagi yo‘nalishda ishtirok etib, musobaqani 6-o‘rin bilan yakunladi.
Bahromjon Gaziev 120 sm balandlikdagi marshrutda ishtirok etib, musobaqani 6-o‘rin bilan yakunladi. Ushbu ko‘rsatkich sportchining texnik mahorati va musobaqaga puxta tayyorgarligining amaliy tasdig‘i bo‘lib xizmat qiladi.
Ularning natijalari ham jamoamizning chuqur tarkibga va yuqori salohiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Har ikki sportchi final bosqichlariga qadar ishonchli yurish olib borib, xalqaro reyting uchun muhim ochkolarni jamg‘ardi.