Abbos Ergashev: «Biz kubok saralash o'yinlariga tayyormiz. Ishonamanki, jamoamiz o'z oldidagi ilk vazifani muvaffaqiyatli yakunlaydi»
O‘zbekiston kubogi saralash bosqichlariga qur’a tashlandi. «Guliston» futbol klubi o‘z yurishini 1-bosqichdan boshlaydi. Ilk raqib «Sonyc X» jamoasi bo‘ladi.
Qur’a tashlash marosimida ishtirok etgan jamoamiz bosh murabbiyi Abbos Ergashev bilan kichik suhbat uyushtirdik.
«O‘zbekiston kubogi saralashidagi ilk raqibimizni bilib oldik. «Guliston» ilk rasmiy bahsini o‘tkazadi. Hozirda yangi mavsumga yuqori kayfiyat va sifatli tarzda shug‘ullanmoqdamiz. O‘ylaymanki, saralashning har bir bosqichini muvaffaqiyatli yakunlay olamiz. Futbolchilar va murabbiylar shtabi bo‘lajak bahslardan umidi katta. Ishonamanki, o‘z oldimizga qo‘yilgan dastlabki maqsadlardan biriga erishamiz.
Mashg‘ulotlarimiz davom etmoqda. Umumiy holatda aytsam, hammasi yaxshi. Lekin ayrim o‘yinchilarning jismoniy holatini yanada yaxshilashimiz kerak. Umuman olganda hali qilinadigan ishlarimiz ko‘p. Barchasi mavsum startiga qadar yanada yaxshi holatga olib kelamiz degan umiddaman.
22 mart sanasiga qadar ikkita nazorat o‘yinida maydonga tushamiz. Bu orqali yigitlarning holatini yana bir karra ko‘rib olamiz. Meni quvontirgan jihat shuki, yigitlar hozirda har bir mashg‘ulotda astoydil mehnat qilyapti.
O‘zbekiston kubogida ham maqsad va vazifalarni belgilab olganmiz. Avvalo, saralash bahslarini muvaffaqiyatli tugatishimiz kerak. Turnirda Superliga va Proliga jamoalariga qarshi bahslashish mumkin. Bu esa jamoamizdagi yosh yigitlarning yanada o‘sishi va rivojlanishiga katta xizmat qiladi.
Shuningdek, olgan tajribamiz birinchi liga musobaqasida jamoamizga faqat va faqat foyda keltiradi», — deydi Ergashev klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida.