6 sentyabr — Butunjahon Kurash kuni!
6 sentyabr — Butunjahon Kurash kuni!
Bugun ming yillik tarixga ega Kurashning buyuk g‘alabalari va ulkan orzulari birlashadigan qutlug‘ kun.
Bundan roppa-rosa 28 yil avval — 1998 yil 6 sentyabr kuni Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi tashkil etildi. Ana shu tarixiy qaror milliy merosimizni jahon arenasiga olib chiqish, Kurashni xalqaro sport harakatining ajralmas qismiga aylantirish yo‘lida yangi davrni boshlab berdi.
O‘tgan vaqt davomida Kurash beqiyos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bugun Kurash dunyoning qariyb 140 mamlakatida rivojlanayotgan, millionlab insonlarni birlashtirayotgan, qit’alar va madaniyatlar o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigiga aylangan nufuzli xalqaro sport turidir.
Kurash Osiyo o‘yinlarining barcha turlari dasturidan mustahkam o‘rin oldi. U Islom Birdamlik o‘yinlari, Xalqaro Harbiy Sport Kengashi (CISM) musobaqalari va Butunjahon Ko‘chmanchilar o‘yinlarining muhim sport turlaridan biri sifatida tan olindi. Bularning barchasi bir kunlik mehnat yoki tasodif emas.
Bu yutuqlar ortida o‘z hayotini Kurash rivojiga bag‘ishlagan minglab fidoyi insonlar mehnati mujassam.
Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi Faxriy Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy qo‘llab-quvvatlashi va e’tibori bu taraqqiyotning mustahkam asosi bo‘ldi.
Shu bilan birga yuzlab mamlakatlardagi federatsiyalar, murabbiylar, hakamlar, tashkilotchilar va millionlab kurashchilarning mehnati Kurashni jahon sport harakatining muhim qismiga aylantirdi.
Har bir g‘alaba ortida inson taqdiri bor. Har bir musobaqa ortida ulkan mehnat bor. Har bir bayroq ortida esa Kurash g‘oyasiga ishongan va uning kelajagi uchun xizmat qilgan insonlarning orzusi mujassam.
Bugun biz ortga nazar tashlar ekanmiz, bosib o‘tilgan yo‘ldan faxrlanamiz. Ammo Kurash tarixi hali yozilib bo‘lgan emas. Uning eng buyuk sahifalari hali oldinda.
Bizning eng ulug‘ maqsadimiz aniq — Kurashni Olimpiya harakatining ajralmas qismiga aylantirish. Biz ishonamizki, insoniyatning eng ezgu qadriyatlarini targ‘ib etuvchi, halollik va insoniylikni ulug‘lovchi Kurash albatta Olimpiya oilasidan munosib o‘rin egallaydi.
Butunjahon Kurash kuni va Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi tashkil etilganligining 28 yilligi muborak bo‘lsin!