11–14-fevral kunlari Doha shahrida (Qatar Davlati) nufuzli xalqaro ot poygalari festivali — HH The Amir Sword Festival bo‘lib o‘tmoqda
11–14-fevral kunlari Doha shahrida (Qatar Davlati) nufuzli xalqaro ot poygalari festivali — HH The Amir Sword Festival bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu festival jahon taqvimidagi eng muhim ot sporti tadbirlaridan biri hisoblanadi. Musobaqalar Al Rayyan Racecourse ippodromida o‘tkazilmoqda va har yili xalqaro darajadagi yetakchi jokeylar, murabbiylar hamda yuqori saviyadagi otlarni jamlaydi.
Osiyo ot sporti federatsiya raisi Hamad bin Abdulrahman Al Attiyah taklifiga binoan festival tadbirlarida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda.
13-fevral kuni festival dasturi doirasida Bahromjon Gaziyev rasmiy taqdirlash marosimida ishtirok etib, aynan shu musobaqa kunida o‘tkazilgan poygalar g‘oliblariga mukofotlarni topshirdi. Uning ishtiroki O‘zbekiston va Qatar Davlati o‘rtasida yilqichilik hamda ot sporti sohasidagi xalqaro hamkorlik yuqori darajada ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Federatsiya rahbariyatining bunday yirik miqyosdagi tadbirlardagi ishtiroki xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish hamda nufuzli ot sporti musobaqalarini o‘tkazish borasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.