«Yuventus» Afrika Millatlar Kubogi finalchisi bilan shartnoma imzolashga yaqin turibdi
«Yuventus» va «Fenerbahche» klublari Yussef En-Nesiri transferi bo‘yicha kelishuvning yakuniy bosqichiga yetib keldi. Tomonlar allaqachon og‘zaki kelishuvga erishgan, hozirda bitimning so‘nggi tafsilotlari muhokama qilinmoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, bitim formati — sotib olish opsiyasi bilan ijara. Majburiy sotib olish bandi ko‘zda tutilmagan. Hozircha futbolchining shaxsiy shartnomasi shartlari bo‘yicha ayrim masalalar ochiq qolmoqda.
Joriy mavsumda marokashlik hujumchi «Fenerbahche» safida barcha musobaqalarda 25 ta uchrashuvda maydonga tushib, sakkizta gol va bitta assist qayd etgan.
En-Nesirining turk klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 22 mln yevroni tashkil etadi.