Yurgen Göde «Neftchi»ning Superkubokdagi g‘alabasiga munosabat bildirdi
Andijondagi "Bobur Arena" stadioni chinakam futbol bayramiga mezbonlik qildi. O‘zbekiston Superkubogi uchun kechgan bahsda Farg‘onaning "Neftchi" jamoasi Toshkentning "Paxtakor" klubi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Ushbu tarixiy g‘alabadan so‘ng "Neftchi" klubida faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassis Yurgen Göde o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Yurgen, avvalo Superkubokdagi zafar bilan tabriklaymiz! Siz ilgari ham yurtimizda ishlagansiz. Bu gal jamoaga moslashish qanday kechdi?
— Tabrik uchun rahmat. Klubdagi ajoyib muhit tufayli moslashish qiyin bo‘lmadi. Barcha bizni o‘z oila a'zosidek qabul qildi va doimiy qo‘llab-quvvatlab turdi.
— O‘zbekistondagi faoliyatingiz davomida ilk bor Superkubokda zafar quchdingiz. Hozirgi his-tuyg‘ularingiz qanday?
— Tuyg‘ularimni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Ayniqsa, kubokni Farg‘onaga olib borganimizda ko‘chalarga chiqib bizni kutib olgan minglab muxlislarning quvonchini ko‘rish beqiyos baxt. Ularga katta rahmat aytaman.
— Ushbu sovrin faoliyatingizdagi eng muhimlaridan biri, deya olasizmi?
— Shubhasiz. Chunki bu — tarixiy chempionlik va u jamoa solnomasida alohida iz qoldiradi.
— Ruhiy jihatdan jamoani finalning so‘nggi soniyalarigacha tayyor holda ushlab turish qanchalik murakkab bo‘ldi?
— Finalda har qanday kutilmagan holat yuz berishi mumkin. Lekin men o‘z shogirdlarimga oxirgi soniyagacha ishonib turgan edim va ular bu ishonchni oqlashdi.
— Andijondagi bahsda qaysi futbolchini alohida e’tirof etgan bo‘lardingiz?
— Men faqat futbolchilarni emas, balki bu g‘alaba uchun mehnat qilgan hammani — shifokorlar, jismoniy tayyorgarlik murabbiylari, administrator va klub rahbariyatini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Bu — umumiy mehnatimiz mahsuli.
— Stadiondagi muhit haqida nima deya olasiz?
— "Bobur Arena"ga tashrif buyurgan va tribunalarni to‘ldirib, jamoani oldinga undagan farg‘onalik muxlislarga faqat "Bravo!" deyish mumkin. Ular yaratgan muhit haqiqatan ham ajoyib bo‘ldi!