«Yig'indagi g'alabalar meni xursand qilmaydi» – Vadim Abramov
“Pyunik” va “Dinamo” o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yini yakunida jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“O‘yinlar orqali tayyorgarlik ko‘rishda davom etyapmiz. Bugun omadimiz keldi, gollar urdik, bunga qadar ikki o‘yinda gol ura olmagandik, bugun urganimiz quvonarli. Umuman olganda, hammasi reja bo‘yicha ketmoqda.
Ikki bo‘limda ikki xil o‘yin ko‘rdikmi? Ha, albatta, hamma futbolchiga o‘ynash imkonini berdik. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan futbolchilar o‘yinga tempo qo‘shishdi va omadli gollar urildi.
O‘zgarishlar o‘yin uchun reja edimi? Reja faqat bitta – tayyorlanish va yutish. Xuddi shunday ham bo‘ldi.
Navbatdagi o‘yin 14-fevral kuni “Lokomotiv” Moskva bilan bo‘ladimi? Yaxshi raqib. Ko‘rib turibsiz, har bir sparring uchun mamlakatlarning yetakchi klublariga qarshi o‘ynamoqdamiz. Umid qilaman, bu jamoa va tarkibdagi yoshlar uchun foydali bo‘ladi.
3:0 hisobidagi g‘alabadan keyin hammasi yaxshi deb o‘ylaysan, shuning uchun ham odatda qishki yig‘indagi g‘alabalar meni xursand qilmaydi. Chunki hammasi yaxshi ko‘rinib, xotirjamlikka berilib yuborish mumkin. Lekin muammolar bor va biz ularni hal qilishimiz kerak. Umid qilaman, chempionat boshlanishiga qadar hal qilamiz”, — dedi Vadim Karlenovich klub matbuot xizmatiga.