locale OZ

Yelichich: «Hisobni ko‘rib, oson o‘yin bo‘lgan deb o‘ylashlari mumkin»

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Yelichich: «Hisobni ko‘rib, oson o‘yin bo‘lgan deb o‘ylashlari mumkin»
Фото: Локомотив ПФК

Pro Liganiнг 13-turida "Lokomotiv" o‘z maydonida "Jayhun" jamoasini qabul qildi va 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng "temiryo‘lchilar" bosh murabbiyi Mirko Yelichich o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Hisobga qarasalar, oson o‘yin bo‘lgan deb hisoblashlari mumkin, biroq bu ligada oson o‘yinlar bo‘lmaydi. "Jayhun" jamoasi menga yoqdi, ular maydonda o‘zlarini yaxshi tutishadi, futbol o‘ynashga harakat qilishadi. Bugun ularga nimadirlari yetishmadi, balki tajriba yetishmagan bo‘lishi mumkin. Balki uzoq yo‘ldan keyin yigitlarda kuch qolmagandir. Mening jamoamda esa yaxshilanish va rivojlanish bor. Qadam-baqadam oldinga harakatlanyapmiz.

- Natijani bir chetga surgan holda: futbolchilar ko‘rsatmalarni qanchalik bajarishdi? O‘yindan mamnunmisiz?

- Men shunday odamman, doimo noroziman. Men uchun har doim o‘yinda o‘xshagan ishlardan ko‘ra o‘xshamaganlari ko‘proq bo‘ladi. Doim bu holatlarni yaxshilashga, rivojlantirishga harakat qilaman. Istalgan inson aytishi mumkin, mening eng yaxshi jamoam shu. Shu sababli har doim rivojlantirish yo‘lida ishlayman. Hozirgi holatda, balki, hisob unchalik muhim bo‘lmagandir. Biroq o‘yinda ko‘rindikiki, nimanidir yaxshilash kerak. Yaxshi tomoni shundaki, ishlarimiz ko‘rina boshladi.

- Bugun debyutini amalga oshirgan Husonov va Abdusalomovning o‘yinini qanday baholaysiz? Ular yana imkoniyat olishadimi?

- Buni bilmadim, kelgusi ishlarni taxmin qilib bo‘lmaydi. Jarohatlar yoki kartochkalarda muammolar bo‘lishi mumkin. Hozir ikkinchi davradamiz. Ya’ni, ko‘p narsani o‘zgartirmay katta kuch bilan futbol o‘ynash mumkin, keyin mavsum yakunlanadi. Nimanidir o‘zgartirish esa ochkolar yo‘qotilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xudo xohlasa ularga yana imkoniyat beramiz. Lekin bu savolga aniq javob bera olmayman.

- Maydondagi tartib-intizom Siz uchun qanchalik muhim?

- Juda muhim. Avvalo futbolchi maydondagi vazifasini tushunishi kerak. Kim tushunmasa, maydondagi ishini tugataverishi kerak. Uning vazifasini qanchalik tushunganini maydondagi tartib-intizomidan bilish mumkin: professional va jamoaviy bo‘lish muhim. Har doim ishlashda davom etish kerak, lekin mayda detallar ham bor. Ishlaring yaxshi ketayotgan bo‘lsa, ishlashni to‘xtatish kerak degani emas, yanada kuchayish zarur.

- Qisqa muddat ichida 3ta o‘yin o‘tkazdingiz. Endi 20 kundan ko‘proq ta’til bor. Bu vaqt ichidagi rejalar qanday?

- Bu biz uchun noqulay. Dunyoning barcha ligalarida ham bunday bo‘lmasa kerak. Ligada o‘zi oltitagina jamoa bor, o‘yinlar soni yetarli emas. Liganing qanday ekanini his qilib bo‘lmaydi. Keyin ta’til yuzaga keladi va jarayonni buzib qo‘yadi. Shu sababli bu davr uchun yaxshi raqiblar izlayapmiz va mashg‘ulotlarda qattiqroq ishlashimiz kerak bo‘ladi.

- Demak kichik yig‘in tashkil qilinadi?

- Ha, mini-yig‘in desak ham bo‘ladi. Bizni ikkita o‘rtoqlik o‘yini kutib turibdi. Bu o‘yinlarda ham jamoaviylikni oshirishimiz kerak bo‘ladi. Ikkinchi davra uchun qanday jismoniy yuklama berishni ham bilib bo‘lmaydi. Deyarli bir oy mashg‘ulot olib boramiz. O‘yinlarga borganda nimadirlar yetishmay qolishi ham mumkin. Shu boisdan o‘yinni tushunish va jismoniy yuklama bo‘yicha ishlar olib boramiz.

- Jamoani tonusda ushlab turish qiyin bo‘ladimi?

- Tonusda ushlab turish kerak. Buni o‘yinlar orqali amalga oshiramiz. Biroq bu qanday o‘yin uslubi bilan o‘ynash va raqibning o‘yiniga ham bog‘liq. Raqiblar har xil o‘ynaydi, shu sababli talablar ham boshqacha bo‘ladi. Raqiblarni qanchalik yaxshi bilib olsak, ularga qarshi o‘ynash osonroq bo‘lishi mumkin", - dedi Yelichich.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting