Yannik Sinner Karlos Alkarasni magʻlub etib, Monte-Karlo «Masters» turniri gʻolibiga aylandi
Dunyoning ikkinchi raqamli raketa ustasi, italiyalik Yannik Sinner Monte-Karlo «Masters» turniri g‘olibiga aylandi va taqdirlash marosimida bosh sovrinni qabul qilib oldi.
U final bahsida jahon tennis reytingi yetakchisi, ispaniyalik Karlos Alkarasni mag‘lubiyatga uchratdi. 2 soat-u 14 daqiqa davom etgan uchrashuv 7:6 (7:5), 6:3 hisobida yakunlandi.
Bu Yannik Sinnerning ATP-1000 toifasidagi turnirlarda qo‘lga kiritgan sakkizinchi g‘alabasidir. U joriy mavsumda allaqachon Indian-Uells va Mayamidagi turnirlarda zafar quchib, «Quyoshli dubl»ni rasmiylashtirgan edi. Bungacha italiyalik tennischi Toronto, Mayami (2024), Sinsinnati, Shanxay va Parij «Masters»larida ham g‘olib chiqqan. Ushbu toifadagi sovrinlar soni bo‘yicha Sinner Alkarasga yetib oldi.
Monte-Karlodagi g‘alabasidan so‘ng Sinner yana jahon reytingida birinchi o‘ringa qaytadi.