Xulian Alvares “Barselona” yulduzining agenti bilan ishlashga qaror qildi
Madridning “Atletiko” klubi hujumchisi Xulian Alvares o‘ziga yangi agent tanlash arafasida turibdi. Argentinalik futbolchi “Barselona” yarim himoyachisi Rodrining manfaatlarini himoya qiluvchi Pablo Barkero bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Alvares avvalgi agenti Fernando Idalgo bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Bunga yozgi transfer oynasida futbolchining “Barselona”ga o‘tishi amalga oshmagani sabab bo‘lgan. Endilikda 26 yoshli hujumchi Pablo Barkero bilan shartnoma imzolashga yaqin turibdi. Agent aynan shu yil yozda Rodrining “Manchester Siti”dan “Barselona”ga transferini amalga oshirgan edi.
Alvaresning yangi agenti bo‘lish uchun sobiq futbolchi Xavyer Pastore va mashhur agent Jorje Mendesh ham qiziqish bildirgan. Biroq argentinalik hujumchi va uning oilasi Barkero variantini ma’qul ko‘rmoqda. Alvares hali ham “Barselona”ga o‘tish istagidan voz kechmagan va yangi agent uning ushbu maqsadiga erishishida yordam berishiga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Xulian Alvares 2024-yil yozida “Manchester Siti”dan “Atletiko”ga transfer qilingan. Uning Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilgacha mo‘ljallangan. Argentinalik futbolchi joriy mavsum barcha musobaqalarda oltita uchrashuvda maydonga tushib, bitta golli uzatmani amalga oshirgan. Hozircha uning hisobida gol yo‘q.