locale OZ

Vadim Abramov: «O'zimiz o'yinni raqibga topshirib qo'ydik»

“Dinamo” ustozi “Andijon”ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Vadim Abramov: «O'zimiz o'yinni raqibga topshirib qo'ydik»
Фото: Андижон ПФК

“Andijon” – “Dinamo” (2:1) o'rtasidagi o'yindan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Vadim Abramov qatnashdi.

- O'yin haqida nima deyishim mumkin? Barcha o'yinni ko'rdi. Kichik hisobda mag'lubiyatga uchradik. To'g'risi, uchrashuv haqida hech narsa ayta olmayman. Bunday holat birinchi marta ro'y berayotgani yo'q. Xatolar tufayli gol o'tkazib yuboryapmiz va mag'lubiyatga uchrayapmiz.

- “Dinamo” gol urgach, vaqtni cho'za boshladi. Oqibatda birin-ketin ikkita gol o'tkazib yubordi.

- Yuqorida aytganimdek, qo'pol xatolarga yo'l qo'yyapmiz va shuning natijasida gol o'tkazib mag'lubiyatga uchrayapmiz. Jamoada qandaydir ishonchsizlik paydo bo'lgan. Gol urdik, lekin undan keyin darvozamizdan to'plar olib chiqdik. O'zimiz o'yinni raqibga topshirib qo'ydik. Siz haqsiz. Bunday holatda o'yin haqida qanday izoh berish mumkin?

- Jamoangiz oxirgi 15 daqiqada muvozanatni yo'qotib qo'ydi. Buning sababi nimada?

- Fikr bildirish qiyin. Balki jismoniy holatimiz yaxshi emasdir. Albatta, bu toliqishlar bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Markaziy himoyachilarimiz bir necha bor xatolarga yo'l qo'yishdi. Yaxshi o'ynadik, ammo “Andijon”ni darvozamizga birinchi zarbasi gol bilan yakunlandi.

- Maydon chimi o'sib ketganiga nima deysiz? Bu mag'lubiyatga ta'sir qildimi?

- Mag'lubiyatga uchradik. Endi bu haqida gapirishga hojat yo'q. Balki shundaydir, ammo raqib ham shu maydonda o'ynadi. Yomon o'ynamadik, biroq xatolarga yo'l qo'ydik va mag'lubiyatga uchradik. Albatta, alamli bo'ldi. Gol urganimizdan keyin yana to'p kiritishimiz mumkin edi. E'tiborlisi, “Andijon” bizdan kuchli o'ynamadi. Lekin ular g'alaba qozonishdi.

- Anvar Hojimirzaevni o'zini tutishi sizga g'alati tuyulmadimi? U agressiv o'ynadi, raqib bilan tortishib yurdi va yakunda qizil kartocha oldi. O'tgan turda esa Salim Mustafoev chetlatilgandi.

- O'yinchilarni to'g'ri tushunaman. Anchadan beri oylik maosh olmagandan keyin har xil ruhiy holatlar yuz beradi. Muammolarimiz yetarlicha bor. Futbolchilarni ayblash ham qiyin. Kimdir ketmoqchi, yana boshqasi boshqa fikrda.

- Xislat Halilov va braziliyalik legioner klubdan ketishdimi?

- Nima deyishim mumkin? Ular kelishdi, qarashdi, jamoada oylik berilmayapti. Shu sabab ular o'ynamaydigan bo'lishdi. Pul yo'q bo'lsa, biz nima qila olamiz? U ketdi va menimcha, FIFAga murojaat qilsa kerak. Xislat Halilov oldimga keldi va ketishini aytdi. Nima ham qila olardim, rozilik berdim. Xohlamagan o'yinchini majburlab o'ynatib bo'lmaydi. Shu bois hech qanday e'tiroz bildirmadim. Jamoada faqat o'zini emas, butun jamoani o'ylash kerak.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting