locale OZ
locale OZ
Mehmon
Mehmon Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro'yxatdan o'ting
Menyu

Vadim Abramov: \"Barcha muxlislardan uzr so‘rayman\"

Futbol 23 iyn 2025 da 14:45
Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Vadim Abramov: "Barcha muxlislardan uzr so‘rayman"
Photo: Dinamo PFK

Superliga 13-turi doirasidagi "Dinamo" – "Bunyodkor" (0:3) uchrashuvidan so‘ng jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Avvalo, muxlislardan uzr so‘rashim to‘g‘ri bo‘ladi, bugun minglab muxlislar stadionga kelishdi, ammo biz bayramona kayfiyatni ulasha olmadik. Barcha muxlislardan uzr so‘raymiz. Vaziyatni keyingi o‘yinlarda tuzatishga harakat qilamiz.

O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, bahsni yomon boshlamadik, ammo eng alamli tomoni – raqib safidagi bitta futbolchi, Temurxo‘ja Abduxoliqov butun jamoamizni yakka o‘zi mag‘lub etdi. Bu vaziyatda himoya chizig‘i qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, ikkita xato uzatma va biz ikkita to‘pni o‘tkazib yubordik. Ikkinchi bo‘limda vaziyatni tuzatish uchun chiqdik, ammo yana biz gol urishimiz kerak bo‘lgan vaqtda ular gol urishdi. Bu holatda ham birgina Abduxoliqov uch kishini dog‘da qoldirdi. Bunday o‘ynamaslik kerak. Xatolarni tahlil qilamiz.

- Futbolda mag‘lub bo‘lmagan jamoa bo‘lmaydi. Bu mag‘lubiyat jamoaga sovuq dush kabi ta’sir qiladimi?
- Shunga umid qilaman, chunki hammasi jamoaning bu mag‘lubiyatga qanday munosabat bildirishi bilan bog‘liq. Uch kundan keyin safarda Qo‘qon jamoasiga qarshi o‘ynaymiz. Bugungi o‘yin xatolarini o‘sha o‘yinda tuzatishimiz shart.

- Ilk mag‘lubiyatga qaramay, o‘yindan keyin muxlislar "Dinamo"ni olqishlar ostida kuzatib qo‘yishdi...
- Bugun ularni xursand qilishni maqsad qilgandik, shunga harakat qildik, ammo bu kun bizniki emasdi. Harakatlarimiz samara bermadi. Kechirib bo‘lmas xatolar gollarga sabab bo‘ldi. Ba’zi holatlarda sovuqqonlik ham yetishmadi.

Mag‘lubiyatdan fojia yasamaymiz, hammasi hali oldinda. Ammo men uchun bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mag‘lubiyatga mos javob bera olishimiz juda muhim. Qachondir mag‘lub bo‘lardik, baribir.

- "Dinamo" 1-davraning eng yorqin jamoalaridan biri bo‘lmoqda. Shunga qaramay, jamoa davralar oralig‘ida qaysi chiziqlarni kuchaytirmoqchi? Sababi yuqori o‘rinlar uchun kurashishda ba’zi chiziqlarni kuchaytirish kerakligi ko‘rinib turibdi...
- Shubhasiz, 2-davra oldidan kuchayishimiz kerak. Ammo qaysi chiziqlarni kuchaytirish haqida gapirishga hali erta. Oldinda muhim o‘yinlarimiz bor va ularda bizga yordam bera oladigan futbolchilar talaygina. O‘zgarishlar haqida gapirishga esa erta, vaqti kelsa bilib olasiz, - dedi Vadim Abramov o‘yindan so‘ng.

Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting