locale OZ

UzPFL: Sentabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
UzPFL: Sentabr oyida siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan 5 uchrashuv
Фото: UzPFL

O‘zbekiston Superligasi o‘zining eng qizg‘in pallasi sari yaqinlashmoqda. O‘zbekiston Kubogida esa finalchilar aniqlanish arafasida.

"Paxtakor" - "Neftchi"

13 sentabr kuni O‘zbekiston Superligasining 21-turi doirasida "o‘zbek klassikosi" guvohi bo‘lamiz. Ya'ni, "Paxtakor" klubi o‘z maydonida "Neftchi" jamoasini qabul qiladi.

Bu o‘yin tarixining o‘zi bir mavzu bo‘lsa, ayni paytda turnir jadvalidagi ahamiyati butunlay boshqa bir mavzu. 20-turdan so‘ng chempionlik uchun kurashayotgan "Neftchi" jamoasi musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda turgan "Nasaf" klubidan ochkolar farqini atigi bittaga qisqartirdi. Jamoa chempionlik poygasida bundan keyin ochko yo‘qotishga haqli emas.

O‘z navbatida, "Paxtakor" klubi ham chempionlik uchun kurashdan chiqib ketgani yo‘q. 21-turda qo‘lga kiritiladigan g‘alaba "Sherlar"ni kuchli uchlikka qaytarishi mumkin. Demak, oldimizda jiddiy o‘yin kutib turgani aniq.

OKMK - "Bunyodkor"

19 sentabr kuni Superligamizning 22-turi doirasida OKMK klubi o‘z maydonida "Bunyodkor" jamoasi bilan to‘qnash keladi. Hozirda bu jamoalarni turnir jadvalida 2 ochko ajratib turibdi. Shu bilan birga, har ikki jamoa ayni damda juda yaxshi sport formasida.

Mavsum boshida OKMK klubining Superligadagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga aynan "Bunyodkor" yakun yasagan edi. Demak, bu safar Qosimov jamoasi ham revanj olish uchun bor imkoniyatini ishga solishi aniq.

Ushbu bellashuv, shubhasiz, Superliga muxlislari uchun qiziqarli va dramatik voqealarga boy bo‘lishi kutilmoqda.

"Neftchi" - "Dinamo"

20 sentabr kuni Superliganing 22-turi doirasida Farg‘onada "Neftchi" jamoasi Samarqandning "Dinamo" klubini qabul qiladi. Hozirda har ikki jamoa chempionlik uchun asosiy da'vogarlar safida turishibdi.

"Neftchi" jamoasi "Dinamo"ni ketma-ket 4 o‘yinda mag‘lubiyatga uchratib kelmoqda. Jumladan, 2 iyul kuni o‘tgan so‘nggi bahsda ham farg‘onaliklar Samarqanddan g‘alaba bilan qaytgandi.

Demak, oldimizda qiziqarli o‘yin turgani aniq. "Neftchi" g‘alabali seriyasini davom ettiradimi yoki Vadim Abramov murabbiy sifatida ilk bor Levchenkoni mag‘lub eta oladimi? Buni 20 sentabr kuni "Istiqlol" stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yin orqali bilib olamiz.

"Paxtakor" - "Dinamo"

25 sentabr kuni O‘zbekiston Kubogi musobaqasining yarim final bahslari bo‘lib o‘tadi. Dastlabki to‘qnashuvda Toshkentning "Paxtakor" klubi mavsumni barqaror o‘tkazayotgan Samarqandning "Dinamo" jamoasi bilan kuch sinashadi.

"Paxtakor" klubi 3 yildan beri O‘zbekiston Kubogi finaliga yo‘l ololmayapti. Samarqandning "Dinamo" jamoasi esa Kubok tarixidagi yagona finalini bundan 25 yil avval o‘tkazgan.

Ushbu turnir xalqaro musobaqaga yo‘llanma berishi bilan ham ahamiyatli. Shu bois, bu o‘yin darajasi ancha yuqori ekanini tushunish qiyin emas.

"Buxoro" - "So‘g‘diyona"

25 sentabr kuni O‘zbekiston Kubogi musobaqasining ikkinchi yarim final bahsi ham bo‘lib o‘tadi. Bu safar Viktor Karpenko boshchiligidagi "Buxoro" klubi o‘z maydonida Ivan Boschkovich qo‘l ostidagi "So‘g‘diyona"ni qabul qiladi. Har ikki klub hozirgacha O‘zbekiston Kubogi finalida o‘ynamagan.

Ushbu o‘yindagi g‘alaba har ikki jamoa uchun nihoyatda muhim ekani bilan ushbu yarim final bahsi birinchisidan ham ahamiyatliroq. Chunki "Buxoro" va "So‘g‘diyona" ayni damda Superligada chempionlik uchun kurashda qatnashmayapti. Bu jamoalarning yilni sovrin bilan yakunlash yo‘lidagi eng yaxshi imkoniyati aynan O‘zbekiston Kubogi bo‘lib turibdi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting