«Uydirma»: Romano Brunu Fernandeshning «Real»ga o‘tishi haqidagi mish-mishlarni rad etdi
«Manchester Yunayted» sardori va yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh o‘z xizmatlarini Madridning «Real» klubiga taklif qilgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano ma’lum qildi.
«Brunu Fernandesh o‘zini «Real»ga taklif qilgani borasidagi gap-so‘zlar shunchaki uydirma. Bunday voqea sodir bo‘lgani yo‘q. Bu xabarlar — mutlaqo feyk. Brunu bor e’tiborini «Manchester Yunayted»ga qaratgan. Unga ko‘plab jamoalardan qiziqish borligi sir emas. Portugaliyalik yulduzda Saudiya Arabistoni va Yevropaning top-klublariga yo‘l olish imkoniyati bor edi. Ammo hozir u butunlay «qizil iblislar» loyihasiga sodiq qolmoqda», — deydi Romano o‘zining YouTube-kanalidagi videosida.
Eslatib o‘tamiz, Fernandesh 2020 yilning qishidan buyon «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda 31 yoshli futbolchi barcha turnirlarda 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 11 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ayni damda Brununing bozor qiymatini 40 million yevro deb baholamoqda.