locale OZ

Usmonali Ismonaliyev: «Qatarga g‘alaba uchun boramiz»

“Burgutlar” Toshkentda bo‘ladigan o‘yinga astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Usmonali Ismonaliyev: «Qatarga g‘alaba uchun boramiz»
Фото: Андижон ПФК

Xabaringiz bor, “Andijon” klubi uchun joriy yilgi mavsum hali yakuniga yetmagan. Boisi, 24 dekabr kuni jamoani Qatarda Osiyo Chempionlar Ligasi 2 musobaqasi doirasida “Al-Ahli”ga qarshi juda muhim uchrashuv kutib turibdi.

“Burgutlar” bo‘lajak o‘yinga Toshkentda astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda va butun e’tibor 24 dekabr oqshomida o‘tadigan bellashuvga qaratilgan.

“Andijon”ning yetakchi o‘yinchilaridan biri Usmonali Ismonaliyev “Al-Ahli”ga qarshi bo‘ladigan juda muhim o‘yinga tayyorgarlik borasida klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- “Andijon” oldida ikkita muhim o‘yin turgandi. Xayriyatki, safarda “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinni g‘alaba bilan yakunladik. Endi esa Qatarda “Al-Ahli”ga qarshi yana bir jiddiy uchrashuv oldidasizlar. Bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik qanday kechayotgani, jamoa kayfiyati, umuman muhimlik darajasidan kelib chiqib nimalarni ayta olasiz?

- Xudoga shukr, “Bunyodkor”ga qarshi o‘yindan keyin yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Jamoamizni saqlab qoldik va endi OCHL baxsiga tayyorlanyapmiz. Orada bir haftalik damga chiqqandik. Shundan so‘ng yana astoydil hozirlik ko‘rishga kirishganmiz. Bo‘lajak o‘yin ular uchun ham, lekin ko‘proq biz uchun juda zarur. Ko‘proq ehtiyotkorlik bilan o‘ynaymiz. Xudoga shukr, tayyorgarligimiz zo‘r bo‘lyapti. Jarohatdagilar ham tarkibga qaytishyapti. Hamma tayyorgarlik jarayonida o‘z holatiga kelib olish uchun vaqt bo‘lyapti. Biz raqibdan qo‘rqmayapmiz. Hamma uchrashuvga qanday tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsak, bu safargisiga ham shunday va yanada ko‘proq mas’uliyat bilan tayyorlanyapmiz.

- Darvoqe, “Bunyodkor”ga qarshi o‘yingizdagi chiroyli goliingiz barchamizning yodimizda saqlanib qoldi. O‘sha goliingizga qanday ta’rif berasiz? Masalan, faoliyatingizdagi eng chiroyli goliingizmi?

- Xudoga shukr, o‘zim uchun ham yaxshi bo‘ldi. Faoliyatim davomidagi eng chiroyli gollarimdan biri desam ham bo‘ladi. Muhim gollarni ham ko‘p urgaman. Hozircha chiroylisi – shu. O‘zim uchun eng kerakli uchrashuvdagi eng muhim gol deb hisoblayman. Chunki o‘shanda biz 2:1 hisobida g‘alaba qozondik.

- “Al-Ahli” bilan uchrashuvda ham gol urishingizga ishonayotgandirsiz-a?!

- Balki bitta, balki ikkita gol hal qilar. Gol baribir g‘alabaga olib keladi. Golni men uramanmi yoki boshqami, farqi yo‘q. Lekin raqib darvozasini ishg‘ol etishga harakat qilaman. Jamoamizning g‘alabasiga hissa qo‘shishga bor kuchim bilan harakat qilaman.

- "Andijon" uchun OCHL 2 musobaqasining guruh bosqichidagi oxirgi o‘yin hisoblanadi. “Al-Ahli”ga qarshi Andijondagi uchrashuvdan keyin raqib borasida qanday taassurotlar qoldi? Ayting-chi, qatarliklarning plus va minus tomonlari nimada?

- Ularning deyarli barcha nuqtalari kuchli, ammo bizda ham kuch bor. Faqat raqibda biroz tajribarok. Shunga qaramay, ular bilan o‘ynasa bo‘ladi. Bizdan ikki-uch barobar ustun joyi yo‘q. Chunki biz Qatarga g‘alabaga ishonib boramiz. Ko‘rdingizlar, o‘z uyimizda 0:0 o‘ynadik. Balki o‘shanda ham yutishimiz mumkin edi. Bizda bir qancha imkoniyatlar bo‘lgan. Qatarga yuqori kayfiyatda borib, yaxshi natija bilan qaytishga harakat qilamiz. Bu oxirgi o‘yin va biz uchun final. Yutsak, keyingi bosqichga chiqamiz, durang ham bizni qoniqtirmaydi. Bungacha 5 ta o‘yinda durang o‘ynadik, ammo yutadigan o‘yinlarimiz ham bo‘lgan. Masalan, o‘z uyimizda “Arkadag”ga qarshi uchrashuvda golimizni hisoblashmadi, xato qilishdi. Bizda imkoniyatlar ko‘p bo‘lgandi. O‘sha uchrashuvgacha biz har 4-5 kunda o‘ynayotgan edik. “Al-Ahli”ga qarshi o‘yingacha esa biz ancha dam oldik. Xudo xohlasa, Qatardagi bellashuvga oldingilardan-da kuchliroq tayyorlanib boramiz.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting