locale OZ

Usmon Toshev: «Yosh murabbiylarga ishonch va tizimli yondashuv muhim hisoblanadi»

Terma jamoalarga bosh murabbiylar Terma jamoalar markazi tavsiyasiga asosan Murabbiylar kengashi tomonidan tayinlanadi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Usmon Toshev: «Yosh murabbiylarga ishonch va tizimli yondashuv muhim hisoblanadi»
Фото: ЎФА

Yoshlar terma jamoalari bosh murabbiylari va ularni tayinlash mexanizmi yuzasidan bir qator savollarga terma jamoalar markazi rahbari Usmon Toshev javob berib o‘tdi:

OAV vakillari, muxlislarimiz terma jamoalarga bosh murabbiylarni tayinlash tizimi qanday ishlashini bilishga qiziqishlari muhim va bu bizni xursand qiladi. Shu bois bu mavzuni ko‘targan jurnalistlarga ham rahmat aytaman.

Terma jamoalarga bosh murabbiylar Terma jamoalar markazi tavsiyasiga asosan Murabbiylar kengashi tomonidan tayinlanadi. Bu jarayonda shaffof tizim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tayinlovlar hech qanday tashqi aralashuvsiz amalga oshiriladi. Murabbiylarni tanlashda birinchi navbatda ularning bilim va salohiyatiga, zamonaviy futbolni tushunish darajasiga, tahliliy fikrlashi va intellektiga e'tibor qaratamiz.

Shu bilan birga, insoniy fazilatlari, futbolchilar, muxlislar, jurnalistlar hamda futbol muhitidagi barcha bilan samarali ishlay olish qobiliyati ham muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Murabbiylar ta'limi jarayonida ko‘plab istiqbolli mutaxassislar bilan ishlayman. Ularning nazariy va amaliy tayyorgarligi, bilim darajasi hamda salohiyatidan kelib chiqib, Terma jamoalar markazi tomonidan Murabbiylar kengashiga tavsiyalar beriladi. Xuddi shu tamoyil ayollar futboli terma jamoalarida ham qo‘llaniladi. Shuni unutmaslik kerakki, klub va terma jamoa murabbiyligi o‘rtasida katta farq bor. Terma jamoada talab va mas'uliyat ancha yuqori. Shu sababli har bir nomzod uzoq muddat kuzatiladi, tahlil qilinadi va shundan keyingina tavsiya etiladi.

So‘nggi yillarda ko‘plab yosh mutaxassislarga ishonch bildirdik va ular bu ishonchni oqlab kelmoqda. Yoshlar hamda o‘smirlar terma jamoalarimiz Osiyo kuboklarida sovrindor bo‘ldi, Jahon chempionatlarida munosib ishtirok etmoqda. Bu natijalar yosh murabbiylarga imkoniyat berish va ularni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘ri yo‘l ekanini ko‘rsatmoqda. Shu davr mobaynida biror murabbiyni shoshma-shosharlik bilan almashtirish yo‘lidan bormadik, aksincha ularga ishonch bildirib, rivojlanishi uchun sharoit yaratishga harakat qildik.

Biz zamonaviy futbol talablari asosida ishlashga alohida e'tibor qaratamiz. Milliy futbol markazida murabbiylar muntazam ravishda uchrashib, o‘zaro tajriba almashadi, mashg‘ulotlarni muhokama qiladi va bir-birining ishini kuzatib boradi. Barcha yosh toifalaridagi jamoalar bir markazda faoliyat olib borayotgani bu borada katta ustunlik beradi. U-14 terma jamoasi bosh murabbiyi Abdumajid Toirov ham aynan shu mezonlar asosida tanlangan. U futbolchi sifatida yaxshi jamoalarda to‘p surgan, malakali mutaxassislar qo‘l ostida ishlagan. Zamonaviy futbol bo‘yicha qarashlari, yangi texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasi va eng muhimi, bolalar bilan ishlash tajribasi bizni qoniqtirdi. Respublikadagi akademiyadagi faoliyati ham ijobiy baholangani uchun unga U-14 terma jamoasi ishonib topshirildi. Bundan tashqari, yoshlar terma jamoalari murabbiylarining aksariyati Respublika futbol akademiyasida ham aynan o‘sha yosh toifasi bilan ishlaydi. Bu ularga futbolchilarni yaqindan bilish, ularning rivojlanishini muntazam kuzatish va terma jamoaga tayyorlash imkonini beradi.

Ilgari Koreya va Yaponiyani o‘zimiz uchun namuna sifatida ko‘rardik. Bugungi kunda esa yoshlar terma jamoalarimiz ushbu mamlakatlarga qarshi munosib natijalar qayd etmoqda. So‘nggi yillarda Koreya terma jamoalarini bir necha bor mag‘lub etdik. Yaponiya bilan uchrashuvlarda ham tengma-teng kurash olib boryapmiz. So‘nggi U-17 Osiyo kubogida ham 90 daqiqa davomida hisobda oldinda borib, faqat uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida g‘alabani boy berdik. Bu yoshlar futbolidagi o‘sish va murabbiylarimizning mehnati samarasini ko‘rsatadi. Albatta, kamchiliklarimiz ham bor va ularni bartaraf etish ustida ishlashda davom etamiz.

Bunga Islom Ismoilov misolini ham keltirish mumkin. Uni terma jamoaga jalb qilganimizda ham turli fikrlar bo‘lgan. Ammo u o‘z mehnati va natijalari bilan ishonchni oqladi, Osiyo kubogida g‘olib bo‘ldi. Bugungi kunda esa Superligada peshqadam jamoalardan biri bo‘lgan "Neftchi"ni boshqarib kelmoqda. Bu esa yosh murabbiylarga ishonch bildirish o‘z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, har bir murabbiyni terma jamoaga jalb etishda uning bilim va tajribasi, zamonaviy futbolni tushunishi, insoniy fazilatlari, yosh futbolchilar bilan ishlash ko‘nikmasi hamda bosim ostida ishlay olish qobiliyati har tomonlama o‘rganiladi. Shundan so‘ng Terma jamoalar markazi tomonidan tavsiya beriladi va Murabbiylar kengashi qarori bilan tasdiqlanadi. Yana bir bor ta'kidlamoqchimanki, bugungi kunga qadar terma jamoalarimizga jalb etilgan murabbiylarimiz o‘zlariga bildirilgan ishonchni amalda oqlab kelmoqda va o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting